Samarqand va Toshkent viloyatlarida joylashgan 2 ta tarixiy yodgorlikka mahalliy fuqarolar tomonidan zarar yetkazildi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura axborot xizmati.

Samarqand viloyati Ishtixon tumanida fuqaro O.T. IV-VIII asrlarga oid “Nomsiztepa-3” arxeologiya yodgorligining 9,6 metr kvadrat qismini o‘zboshimchalik bilan buzgan. Bundan xabar topilgach, tarixiy yodgorlikning 652 metr kvadrat maydoni saqlab qolingan.

Shuningdek, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan ilk o‘rta asrlarga oid “Qo‘shqo‘rg‘ontepa” arxeologik yodgorligining 7,4 metr kvadrat tuproq qismi mahalliy fuqarolar tomonidan noqonuniy ravishda kesib olingan. Bu obyektning 492 metr kvadrat maydoni saqlab qolingan.

Yodgorliklarga yetkazilgan jami 288 mln so‘m zarar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Surxondaryoning Sho‘rchi tumanidagi madaniy meros obyektlari hududlarida g‘isht ishlab chiqarilayotgani, tuprog‘idan molxona va hojatxona qurilgani aniqlangandi. Buning oqibatida yodgorliklarga 3,1 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.