“O‘ztransgaz” energetika kompaniyasining (aksiyalarning katta qismi davlatga tegishli) Koreya kompaniyalari oldidagi 1 milliard dollarlik debitorlik qarzi gaz tariflari tufayli yuzaga kelgan. Bu haqda O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

O‘zbekiston va Koreya Respublikasi qo‘shma gaz loyihasi doirasida O‘zbekiston tomonining qarzini to‘lash bo‘yicha kelishuvga Janubiy Koreya bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Chu Kyung Xoning 7-sentabr kuni Toshkentga tashrifi doirasida erishilgan. U Toshkentga tashrifi davomida dastlab bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi, so‘ng prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi.

Janubiy Koreya va O‘zbekiston 2008-yilda Ustyurt gaz-kimyo majmuasi loyihasini amalga oshirishni boshlagan va “Uz-Kor Gas Chemical” qo‘shma korxonasini tashkil etib, 2016-yilda gaz qazib olishni boshlagan.

“O‘ztransgaz” kompaniyasining (chet el kompaniyalaridan gazni eksport narxlarida sotib olib, ichki bozorga arzonlashtirilgan narxlarda sotuvchi) ishlab chiqarilgan gaz uchun Uz-Kor Gas Chemical kompaniyasi oldida 1 milliard dollar qarzi yig‘ilib qolgan. Valyuta bozori liberallashtirilib, so‘mning dollarga nisbatan rasmiy kursi 2 barobarga qadrsizlangan 2017-yildan buyon valyuta taqchilligi katta bo‘lishidan xavotirlar tufayli to‘lovlar amalga oshirilmagan.

Jo‘rabek Mirzamahmudovning so‘zlariga ko‘ra, Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishi va Surg‘il konida gaz qazib olish loyihaviy moliyalashtirish hisobidan amalga oshirilgan, shu sababli barcha moliyaviy masalalar kreditorlar bilan kelishilgan.

“Yevropa va Osiyodagi yetakchi banklardan iborat 14 xil xalqaro banklar konsorsiumi mavjud. Va, tabiiyki, buni qanday qilish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Chunki kelishilgan va tasdiqlangan ma’lum moliyaviy model — texnik-iqtisodiy asoslash mavjud. Ammo hayotda boshqacha bo‘ldi. Birinchidan, bu Surg‘il konida ishlab chiqarishning tabiiy qisqarishi bilan bog‘liq. U yerda [loyiha bo‘yicha 4 milliard kub metr gaz] o‘rniga 2,5 milliard kub metr (yoki undan kam) gaz ishlab chiqariladi. Va tabiiyki, bu daromadlar va tovar gaziga ta’sir qildi”, — dedi u.

Ikkinchi sabab — gaz tariflari o‘rtasidagi farq. Tariflarni bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilgan edi, biroq 2019-yildan beri ichki bozordagi narxlar o‘zgarmadi, shu sababli bozor va ichki narxlar o‘rtasidagi tafovut hamda “O‘ztransgaz”ning qarzi ham o‘sdi.

Energetika vazirining ta’kidlashicha, O‘zbekiston va Koreya tomonlari o‘rtasida “murosa varianti” topilgan.

“Biz O‘zbekiston, qo‘shma korxona va kreditorlar uchun maqbul bo‘lgan yechim topdik… To‘g‘risini aytganda, bu O‘zbekistonning qarzi emas. Bu qarz, kompaniyalar o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblar, bu yerda davlat [qarzni] qayta tuzishga yordam berish uchun shunchaki jalb qilingan”, — dedi u.

Jo‘rabek Mirzamahmudov so‘nggi tijorat kelishuvidan hali xabari yo‘qligini, ammo qarz 3−5 yil ichida to‘lanishini kutayotganini aytdi.

“Hajmlarda o‘zgarishlar bo‘lganini bilaman… Sotib olingan gaz uchun tariflar haqida gaplashyapmiz. Ular gazni qayta ishlab, keyin bizga tovar gazini yetkazib berishadi. Ya’ni, xomashyo, tovar gazi, xizmatlar tariflarida o‘zgarish bor… [Tariflarning rejalashtirilgan oshirilishi] hozircha faqat yuridik shaxslar uchun ekani hisobga olinsa, bu nomutanosiblik qisman yopildi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda mazkur loyiha bo‘yicha hukumatning tegishli qarori tayyorlanmoqda.

Uz-Kor loyihasi haqida

2008-yilning fevral oyida “O‘zbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasi va “Kor-Uz Gas Chemical Investment” konsorsiumi tomonidan Qoraqalpog‘istondagi Surg‘il koni negizida Ustyurt gaz-kimyo majmuasini qurish uchun paritet asosda “Uz-Kor Gas Chemical” QK tashkil etildi. Koreya kompaniyalari konsorsiumiga hozir Koreyaning Kogas gaz korporatsiyasi, kimyoviy Lotte Chemical va GSE&R kiradi.

Qurilishi 2012-yilda boshlangan gaz-kimyo majmuasida har yili 4,5 milliard kub metr tabiiy gaz qayta ishlanib, 4 milliard kub metrgacha tovar gazi, 400 ming tonna turli zichlikdagi polietilen, 100 ming tonna polipropilen va 100 ming tonnaga yaqin piroliz benzini ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan edi. Loyihaning bosh pudratchilari Koreyaning Samsung Engineering, GS Engineering va Hyundai Engineering kompaniyalari edi.

Umumiy qiymati 4,16 milliard dollar bo‘lgan loyiha xorijiy moliya institutlari konsorsiumining 2,5 milliard dollar miqdoridagi kreditlari, “Uz-Kor Gas Chemical” qo‘shma korxonasi ta’sischilarining o‘z mablag‘lari (1,41 milliard dollar), shuningdek, O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ajratgan krediti (100 million dollar) hisobidan amalga oshirildi.

Uz-Kor Gas Chemical kompaniyasi ishlayotgan konlardagi gaz zaxiralari 109,6 mlrd kub metrga baholangan (“O‘zbekneftgaz” va Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyalaridan keyin uchinchi o‘rinda).