AQSh Eronning xalqaro banklarda muzlatilgan 6 mlrd dollarlik aktivlarini mahbuslar almashinuvi doirasida Amerika sanksiyalarini buzmagan holda Janubiy Koreyadan Qatarga o‘tkazishga ruxsat berdi, deb yozmoqda The Wall Street Journal (WSJ).

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 11-sentabr kuni Kongressni Eronga nisbatan sanksiyalar qisman bekor qilingani haqida xabardor qildi, deb yozadi nashr.

Eron mablag‘larining ozod qilinishi Eron besh nafar qamoqqa olingan amerikalikni, AQSh esa Amerika qamoqxonasidagi besh nafar eronlikni ozod qilishni ko‘zda tutgan kelishuvning bir qismi hisoblanadi.

“Qo‘shma Shtatlar va Eron Qatar ko‘magida Eronda hibsga olingan besh nafar AQSh fuqarosini ozod qilish bo‘yicha bilvosita konsullik muloqotiga kirishdi… Ularni ozod etishni tezlashtirish uchun Qo‘shma Shtatlar hozirda besh nafar Eron fuqarosini ozod qilish hamda Koreya Respublikasidagi yopiq hisob raqamlarida saqlanayotgan taxminan 6 mlrd dollarlik Eron mablag‘larini Qatardagi yopiq hisob raqamlariga o‘tkazishga ruxsat berish majburiyatini zimmasiga oldi, bu mablag‘lar faqat gumanitar savdo uchungina foydalanish mumkin bo‘ladi”, — deyiladi Blinkenning qonunchilarga yo‘llagan maktubida.

AQSh Davlat departamenti avvalroq Vashington mablag‘lar qanday ishlatilishini nazorat qilishiga aniqlik kiritgan edi. “Bu Eronning puli. Eronga bunday mablag‘lardan insonparvarlik maqsadlarida foydalanishga ruxsat berish AQShning uzoq yillik siyosatiga mos keladi, sanksiyalarimiz ularning hukumati qanchalik norozi yoki muammoli bo‘lishidan qat’i nazar, oddiy odamlarga insonparvarlik tovarlari va xizmatlar yetib borishiga to‘sqinlik qilmasligini ta’minlaydi”, — degan edi o‘sha paytda Davlat departamenti rasmiysi.

Amerikadagi qamoqxonani tark etadigan eronliklar orasida tadbirkorlar Siamak Namozi va Emad Shargi, shuningdek, tadbirkor va ekofaol Morad Tahbaz ham bor, deb yozdi The New York Times.

Kelishuv doirasida qo‘yib yuborilgan boshqa ikki AQSh fuqarosining shaxsi ularning oilalari iltimosiga ko‘ra sir saqlanmoqda. Nashr manbalariga ko‘ra, ulardan biri olim, ikkinchisi tadbirkor. Gazetaning aniqlik kiritishicha, ularning barchasi “josuslikda asossiz ayblanib” qamoqqa hukm qilingan.

Avgust oyi o‘rtalarida Eron hukumati ozod etilgan amerikaliklarni Tehrondagi qamoqxonadan uy qamog‘iga o‘tkazdi. AQSh buning evaziga Eron tomoniga kimni topshirishi noma’lum qolgan edi.

Janubiy Koreya bank hisoblarida muzlatilgan Eron aktivlari Janubiy Koreya neft sotib olish uchun Eronga o‘tkazishi kerak bo‘lgan to‘lovlardir. Yadroviy kelishuvdan chiqqanidan so‘ng, Qo‘shma Shtatlar Tehronga qarshi sanksiyalar kiritdi va keyinroq Eronning sakkiz yirik neft importchisiga, jumladan Janubiy Koreyaga Erondan energiya sotib olishni taqiqladi. Natijada, neft importi uchun mo‘ljallangan mablag‘lar muzlatilgan edi.

Financial Times avvalroq AQSh Erondan sanksiyalarni yumshatish evaziga Ukrainadagi urushda foydalanadigan Rossiyaga hujum dronlarini yetkazib berishni to‘xtatishga intilayotgani haqida xabar bergan edi.