3−7-sentabr kunlari O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya AQShga tashrif buyurdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Baxtiyor Saidov AQSh prezidentining maxsus yordamchisi Nikolas Berliner, Nyu-York meri Erik Adams, AQSh Senatining Ichki xavfsizlik va hukumat ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Geri Piters (yaqinda O‘zbekistonga kelgandi), Jahon banki vitse-prezidenti Antonella Bassani hamda AQShning bir qator yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muzokaralar chog‘ida turli yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tashrif doirasida axborot-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan O‘zbekiston-Amerika IT assotsiatsiyasi Tech Bridge loyihasiga start berildi.

ақш, бахтиёр саидов, лазиз кудратов

Baxtiyor Saidov va Nyu-York meri Erik Adams

ақш, бахтиёр саидов, лазиз кудратов

AQSh Senatining Ichki xavfsizlik va hukumat ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Geri Piters

ақш, бахтиёр саидов, лазиз кудратов

O‘zbekiston elchisi Furqat Sidiqov, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Baxtiyor Saidov Jahon banki vitse-prezidenti Antonella Bassani bilan.

Tashrif davomida O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov AQSh savdo vaziri o‘rinbosari, savdo vakili o‘rinbosari va Amerika kompaniyalari rahbariyati bilan uchrashdi.

Uchrashuvlar davomida O‘zbekiston uchun GSP dasturining benefitsiar maqomini tiklash bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning 7-yig‘ilishini tashkil etish, o‘zaro savdo yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma maslahat platformasini yaratish, shuningdek, muzokaralarni boshlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish va ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish bo‘yicha hukumatlararo bitimlarni tayyorlash jarayoni ko‘rib chiqildi.

“Yashil masalalar kun tartibi”, “inson kapitalini rivojlantirish”, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, davlatning iqtisodiyotdagi rolini pasaytirish, xususiylashtirish hamda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish rejalashtirildi.

ақш, бахтиёр саидов, лазиз кудратов

Laziz Kudratov

ақш, бахтиёр саидов, лазиз кудратов

Delegatsiyaning yig‘ilishi.

Banklar, kimyo korxonalari va uyali aloqa kompaniyalarini xususiylashtirish, innovatsion vaksinalar ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatiga ilg‘or dasturiy ta’minot va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha loyihalarga AQShning O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini jalb qilish masalalari kelishib olindi.

Eslatib o‘tamiz, “Markaziy Osiyo — AQSh” (“C5+1”) formatidagi birinchi sammit sentabr oyining oxiriga rejalashtirilgan. Bu Nyu-Yorkda BMT bosh assambleyasining navbatdagi sessiyasining ochilish kunlarida bo‘lib o‘tadi. Sammitda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va mintaqaning boshqa davlatlari rahbarlari AQSh prezidenti Jo Baydenning taklifiga binoan ishtirok etishi kutilmoqda.