IQAir`ning real vaqt rejimidagi havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha reytingida Toshkent soat 8 atrofida 4-o‘ringa ko‘tarildi. Bunga O‘zgidromet xodimi Erkin Abdulahatov e’tibor qaratdi.

Skrinshot: Telegram / @uzb_meteoSkrinshot: Telegram / @uzb_meteo

Iqlimshunosning yozishicha, nam havo oqimlarining kirib kelishidan oldin pastdan yuqoriga sezilar-sezilmas kuch hisobiga poytaxt havosida mayda dipers chang zarrachalari bilan ifloslanish ortgan.

IQAir platformasida poytaxt havosining sifat darajasi 144 birlik bilan baholanmoqda. Bu 101−150 oralig‘idagi “to‘q sariq” xavf darajasiga kiradi va ta’sirchan odamlar guruhi uchun nosog‘lom hisoblanadi.

Soat to‘qqizga kelib holat biroz yaxshilandi va shaharda havo ifloslanishi 118 birlikkacha pasayib, Toshkent reytingda 8-o‘ringa tushdi.

Skrinshot: IQAirSkrinshot: IQAir

Ma’lumot o‘rnida, 3-iyul kuni ham havo sifati bo‘yicha yuritiladigan IQAir saytida O‘zbekiston poytaxti havosi “zararli” darajani ko‘rsatgandi. O‘sha kuni havo konsentratsiyasi PM2,5 (o‘lchami 0,001 dan 2,5 mikrometrgacha bo‘lgan qattiq mikrozarralar mavjud) 64,1 mkg/m3 (JSST tavsiyasiga ko‘ra kunlik — 15 mkg/m3, yillik — 5 mkg/m3)ni tashkil etgandi. O‘shanda havo sifati indeksi 155 bo‘lgan Toshkent havoning ifloslanishi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallagandi.

Shuningdek, House Fresh xalqaro jamoatchilik loyihasi havo sifati bo‘yicha o‘z tadqiqotida Toshkentdagi yomon havo bir yilda chekilgan 503 ta sigaret kabi aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, deya qayd etgandi.