O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Nuriddin domla Xoliqnazarov diniy masalalarda, xususan, kiyim kiyish, Haj yoki Umraga bori kelish va boshqalarda haddidan oshish holatlari haqida gapirdi. Ma’ruza videosi idora matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

“Bir hilgilar tillo tish qo‘ygan yoki tishlariga plomba qilgan odamlarni orqasidan namoz o‘qib bo‘lmaydi, degan gaplarni ham gapiryapti. Hujjatingiz qayerda, dalilingiz qayerda? Kim sizga huquq berdi bunaqa [fatvo berishga]?”

“Keyingi paytlarda Haj yoki Umra masalasida ham haddidan oshish [kuzatilyapti]. Kelgan odamlarni ortiqcha darajada ulug‘lashlik — bu ham haddidan oshish. Kilometrlab oyog‘i ostiga poyandoz solishlik, yosh bolalarni olib kelib og‘ziga tupurtirish va hokazo — haddidan oshishlik. Bunday narsa qilinmaydi. Allohni baytidan kelgan bo‘lsa, ziyoratini qilib, duosini oladi, bundan ortig‘i yo‘q”.

“Hozir ota-onani hurmat qilishda ham haddidan oshishlik bor ekan. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘ryapmiz, bir odam onasining oyog‘ini yuvib, suvini ichyapti. Dinimiz bunga buyurmagan. Ota-onani hurmat qilish degani, oyog‘ini yuvib, suvini ichishlik emas, ota-onani hurmat qilish degani Ka’baning oldiga olib borib, butun dunyoga ko‘rsatib, hammaning oldida oyog‘ini o‘pish emas. Uni xizmatini qilish, uni rozi qilish, uni duosini olish. Bundan ortig‘i g‘ulu”, — dedi muftiy.

Nuriddin Xoliqnazarov kiyinishdagi haddan oshish holatlari haqida ham gapirib o‘tdi.

“Kiyim kiyish madaniyatida ham haddimizdan oshyapmiz. Islom dini deganda ma’lum bir kiyimda bo‘lish kerak, ma’lum bir ko‘rinishda bo‘lish kerak degan tasavvurga kelib qolindi”.

“Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan bizga qolgan qoida bor. Islom dinida ma’lum bir forma qabul qilinmagan, mumkin ham emas bu, bu bir millatning dini emas, bitta iqlimga kelgan din emas. “Hamma mana shunday kiyim kiyishi kerak, mana bunday qilishi kerak”, degan narsa yo‘q Islomda. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam, “Alloh taolo sizlarning ko‘rinishingizga, suratingizga, molu dunyoyingizga qaramaydi. Sizlarning taqvongizga, Allohdan qo‘rqishingizga qaraydi”, deganlar. Allohdan qo‘rqishlik, taqvo — kiyim bilan o‘lchanmaydi.

“Musulmon bo‘ldingmi, mana bu formaga o‘tishing kerak, degan gap yo‘q. Bu umuminsoniyat uchun yuborilgan — arablar o‘ziga xos, turklar o‘ziga xos, Indoneziya, Malayziyadagi musulmonlar o‘ziga xos kiyimini kiyadi. O‘zbeklar ham o‘ziga xos. Islom kiyimda ham me’yorni, haddini o‘rgatadi. Haddingni bil, behayo bo‘lib butun dunyoga sharmanda bo‘ladigan kiyimni ham kiyma, yoki qop-qora bo‘lib arabcha bo‘lib olma. Berkitish shart bo‘lmagan joylarni berkitishga buyurilmagan”.

“Me’yorda turishlik, haddini bilish talab qilinadi. Bizning mazhabimiz ayollarning yuzini berkitishiga buyurmagan, ayollar ma’lum bir kiyimni kiyishiga ham buyurmagan, qora kiysin, yuzini berkitsin, qop-qora qilib olsin, hatto qo‘liga qo‘lqop taqib olsin, degan narsa bizning mazhab ko‘rsatmasida yo‘q. Bizning mazhabda ayolning yuzi, qo‘llari, qadamlari avrat emas va ular uchun ham ma’lum bir kiyim talab qilinmaydi. Faqat avratni berkitishlik me’yori talab qilinadi. Boshqa narsa yo‘q”.

“Agar bundan ortig‘ini qilsa biz aytgan haddidan oshish bo‘ladi. Hozir shuni aytsangiz betaqvolikda ayblayapti. Qolaversa, o‘sha jamiyat ichida yurgandan ortiqcha qilishlik aksincha ko‘proq odamlarni o‘ziga jalb qiladi. Satr qilishlikdan maqsad nima edi? Boshqalarni ko‘zidan o‘zini ehtiyot qilish edi. Lekin hammadan ajrab boshqacha bo‘lib olishlik, aksincha, o‘ziga qaratyapti”, — dedi muftiy.

Eslatib o‘tamiz, Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan jamoat joylarida shaxsini tanish imkonini bermaydigan darajada yuzni to‘sganlik uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan qonun loyihasi qabul qilindi. Qonun loyihasi ko‘plab munozaralarga sabab bo‘lmoqda.