O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-sentabr kuni Yangi Toshkentning bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi. Shanba kungi “Menimcha” teleko‘rsatuvida loyihaning ba’zi tafsilotlari namoyish etildi.

Taqdimotda prezident: “Agar buni boshlamasak, Toshkentda besh yildan keyin odamlar yashay olmaydi. Tashkilotlaringiz shu loyihaga mos keladimi yoki yo‘qmi? Suv, yo‘llar, uylar va hamma narsa [mos keladi]?”, — dedi

“O‘zbekistonning 32 yillik tarixida birinchi marta biz namunaviy, jahon standartlarga mos loyihani qilyapmiz. Bu 300−400 yilga, bizning nevaralar, chevaralar va hokazoga qolishi kerak. Keyingi avlod [bu loyihani] davom ettirishi kerak”, — dedi u.

Prezident matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, bugungi kunda Toshkent shahrida yashayotgan va ishlayotgan aholi soni qariyb 5 million nafarni tashkil qilmoqda. Ko‘plab uy-joylar, muassasalar barpo etilib, infratuzilma tarmoqlariga yuklama ortmoqda. Shunga qaramay, yana yiliga 20 ming xonadonli uylar, 40 dan ortiq maktab, bog‘cha, poliklinika qurishga talab bor. Urbanizatsiya sur’atidan kelib chiqilsa, yaqin yillarda aholi soni yanada ko‘payadi.

Komponentlar loyihasi Singapur, Angliya, Xitoy, Germaniya, Turkiya, Niderlandiya, Janubiy Koreya, BAA kabi davlatlarning 20 ta ilg‘or kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilmoqda.

Prezident bosh reja asosida yil yakuniga qadar batafsil loyihalash ishlarini yakunlash, birinchi bosqich inshootlari bo‘yicha loyihachi va quruvchi korxonalarni aniqlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.