Respublika perinatal markazida qashqadaryolik ayol 4 egizakni dunyoga keltirdi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
7-sentabr kuni Qashqadaryo viloyatida yashovchi 29 yoshli Maftuna Tosheva hamda uning turmush o‘rtog‘i Murod Toshnazarov biryo‘la 4 nafar egizakning ota-onasiga aylangan.
Chaqaloqlar kesarcha usulida tug‘ildi, ularning og‘irligi 1484, 1804, 1554 va 1950 grammga teng. Hozirda go‘daklarning ahvoli yaxshi. Ularning zarur vitaminlar hamda ona suti bilan oziqlanishi neonatolog-shifokor va hamshiralar nazorati ostida, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, bu 2023-yil Respublika perinatal markazida 4 nafar egizaklar tug‘ilishi bilan bog‘liq ilk holatdir.
Ichki ishlar vazirligining Postda nashriga ko‘ra, chaqaloqlarning otasi Murod Toshnazarov (31 yosh) Qarshi shahridagi “Ravoq” mahallasi profilaktika inspektori yordamchisi bo‘lib ishlaydi. U ayoli bilan 2019-yilda turmush qurgan.
2019-yilda Toshkent viloyatining Bekobod shahrida, 2022-yilda esa Samarqand tumanida 4 nafar egizak tug‘ilgani haqida yozgandik.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.