7−8-sentabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya doirasidagi Agrooziq-ovqat investitsiya forumi o‘tkazildi. Unda 24 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya loyihasi bo‘yicha umumiy qiymati 857,3 mln dollarlik kelishuvlar imzolandi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Forumda mamlakatning qishloq xo‘jaligi sohasidagi salohiyati namoyish etildi va unda 26 ta mamlakatdan 100 dan ziyod kompaniya qatnashdi. Forum doirasida rasmiylashtirilgan kelishuvlar qiymati jami 1,88 mlrd dollarni tashkil etdi.

Jumladan:

  • to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar — 857,3 mln dollarga teng 24 loyiha;
  • grantlar va xalqaro moliya institutlari mablag‘lari — umumiy qiymati 707,5 mln dollarga teng 14 ta loyiha;
  • 319,2 mln dollarlik savdo kelishuvlari rasmiylashtirildi.

Ma’lumot o‘rnida, Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya O‘zbekiston hukumati tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) texnik ko‘magida o‘tkazildi.

Unda dunyoda “Nol ochlik” maqsadiga erishish, ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida oziq-ovqat yetkazib berish uchun ekspress koridorlarni ochish va boshqalar muhokama qilindi. Tadbirda 30 dan ziyod mamlakatlardan vazirlar va diplomatlar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Jahon banki, Islom oziq-ovqat xavfsizligi tashkiloti, Osiyo taraqqiyot banki va boshqalardan vakillar qatnashdi.