O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov 7−8-sentabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya doirasida “Gazeta.uz” muxbirlariga iqlim o‘zgarishining oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishga ta’siri, raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi yerlariga bo‘lgan mulk huquqi va boshqa masalalar yuzasidan katta intervyu berdi.

— Bugungi konferensiyada Markaziy Osiyo va O‘zbekistondagi iqlim o‘zgarishlari haqida ko‘p gapirilmoqda. Iqlim o‘zgarishi oziq-ovqat xavfsizligiga qanday ta’sir qilishini aniqroq tushuntira olasizmi?

— Iqlim o‘zgarishi tufayli yuzaga keladigan eng katta muammo hech narsani oldindan aytib bo‘lmaslik hisoblanadi. Yer va suv resurslarining sifatiga ta’sir qiluvchi ob-havo sharoiti o‘z kuchini ko‘rsatayotgan vaqtda kutilgan hosilni olish juda qiyin masala.

Masalan, o‘tgan qishni olib qaraylik. Bir tomondan, sovuq harorat zaif ekinlarga, jumladan, uzumzorlar va yong‘oq daraxtlariga zarba berdi. Boshqa tomondan, mamlakatda g‘alla va paxtadan yaxshi hosil olindi. Ko‘p yillardan beri birinchi bor biz ochiq maydonda yetishtirilgan pomidor hosili juda yaxshi bo‘lganini ko‘rdik.

Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq yana bir muammo bu yerning degradatsiyasi, ya’ni qurg‘oqchilik, yerdagi tuz konsentratsiyasining ortishi va suv resurslarining kamayishi hisoblanadi. Dunyoda ham, O‘zbekistonda ham fermerlar iqlimni bashorat qilishga harakat qilmoqda.

Biz konferensiyada bu masalalarning barchasini ko‘rib chiqamiz va muammolarni hal qilish yo‘llarini muhokama qilamiz. O‘zbekiston bir joyda qotib turmaydi. Biz iqlim o‘zgarishiga chidamliroq ekinlarni sinovdan o‘tkazmoqdamiz.

азиз воитов, intervyu, iqlim o‘zgarishi, mulk huquqi, oziq-ovqat xavfsizligi, самарқанд, qishloq xo‘jaligi vaziri

— Koronavirus pandemiyasi O‘zbekistondagi oziq-ovqat xavfsizligiga qanday ta’sir qildi?

— Pandemiya nafaqat qishloq xo‘jaligiga, balki ishlab chiqarish zanjiriga ham ta’sir ko‘rsatdi. Gap mahsulotlarni yetishtirish va saqlash, tovar yetkazib berish va boshqa omillar haqida bormoqda. O‘zbekistonda muammolarni aniqlab, ularni joyida hal qiluvchi ishchi guruhlar tuzildi. Zanjirdagi zarar ko‘rgan ishtirokchilarga imtiyoz va mablag‘lar ajratildi.

— Ochlik, to‘yib ovqatlanmaslik masalalari bo‘yicha mamlakatda ahvol qanday? O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi va yetishmovchiligi muammosi yetarlicha tadqiq qilinganmi?

— Prezident yaqinda o‘tkazilgan yig‘ilishda ham aynan shu masalani ko‘tardi, ya’ni oziq-ovqat balansini joriy qilish, qayta tiklash va doimiy monitoring qilib borish masalasini.

Biz har bir hudud bo‘yicha, oyma-oy bu masalani monitoring qilamiz. Har bir hududda qaysi mahsulot yetishtirilishi, qaysi mahsulotda kamomad borligi, qaysi birida iste’moldan ortiqcha qismi borligi va tadbirkorlar boshqa hududlar bilan savdo qilib, buni qay darajada balanslashtirayotgani bo‘yicha ishlar amalga oshirilyapti.

O‘zbekistonda ochlik unchalik chuqur muammo emas. Mamlakat o‘ziga kerakli mahsulotlarni ishlab chiqarish va yetishtirish qobilyatiga ega va yetishtiryapti ham.

Hozir oziq-ovqat masalasi ko‘tarilayotganining sababi, yuqorida ta’kidlaganimdek, mavjud xavf-xatarlarga e’tibor qaratish, shunday qilmasak, bu kelajakda bizga muammo tug‘dirishi mumkin. Xudoga shukur, aholimiz soni oshib boryapti. Ayni vaqtda esa yer maydoni kengaymaydigan narsa, suv resurslari kamayib bormoqda, iqlim o‘zgarmoqda. Bu masalalarning barchasi oziq-ovqat xavfsizligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi. Shuning uchun ham biz bu masalani ko‘tarib, birgalikda uning yechimini topishga harakat qilyapmiz.

— Konferensiyada sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish uchun mamlakatlar o‘rtasida “yashil” va ekspress yo‘laklar ochilishi aytildi. Bu “yashil” va ekspress koridorlar qanday bo‘ladi?

— “Yashil” yo‘laklar biz zarur mahsulotlarni tez sotib olishimiz va sotishimiz uchun kerak. O‘zbekiston o‘z mahsulotlarini yetishtiradi, lekin har bir ekinning vegetatsiya davri bor. Masalan, kartoshkani biz erta bahorda va kech kuzda yig‘ib olamiz. Ba’zi bir davrda bizda mahsulotning ehtiyojdan ortishi yoki tanqisligi kuzatilishi mumkin. Mahsulot yetkazib berishda muvozanatni saqlash kerak. Buni ikki xil usulda amalga oshiramiz. Birinchidan, biz tovarlarni saqlash mumkin bo‘lgan sovitkich va muzlatkichlar quramiz. Ikkinchidan, import-eksportni amalga oshiramiz.

Mahsulot yetkazib berishga bir qator global omillar ta’sir qiladi. Bu omillarga pandemiyadan keyingi davr, geosiyosiy muammolar, O‘zbekistonning dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati yo‘qligi kabilar kiradi.

“Yashil” yo‘laklarni ishga tushirish uchun qo‘shnilarimiz bilan yangi yo‘nalishlar quryapmiz. Hamkor davlatlar bilan umumiy standartlashtirishni ishlab chiqyapmiz. Bu tovarlar qo‘l rejimisiz tashilishi, ya’ni ochib, qayta tekshirilmasligi uchun kerak.

Standartlashtirish tovarlarning aynimasligi va sifatli holda yetkazilishi uchun to‘g‘ri va ekologik yo‘nalishlarni ishlab chiqishni ham o‘z ichiga oladi. Parallel ravishda bojxona tartib-taomillari, fitosanitariya, karantin xizmatlari masalalari ham hal etilmoqda. Bu harakatlarning barchasi byurokratik jarayonlarni kamaytirishga qaratilgan.

азиз воитов, intervyu, iqlim o‘zgarishi, mulk huquqi, oziq-ovqat xavfsizligi, самарқанд, qishloq xo‘jaligi vaziri

— So‘nggi yillarda O‘zbekistonda oziq-ovqat tovarlari bilan bog‘liq savdo to‘siqlarining aksariyati olib tashlandi. Lekin nooziq-ovqat tovarlar bo‘yicha to‘siqlar yetarlicha yuqoriligicha qolmoqda. Iqtisodchi sifatida nooziq-ovqat tovarlari savdosidagi to‘siqlar oziq-ovqat mahsulotlariga ham ta’sir qiladi, deb hisoblaysizmi?

— Albatta, bu yerda gap qaysi mahsulotlarga qo‘yilgan bojlar haqida ketayotganini ko‘rishimiz kerak. Oddiy misol, mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i moylash va boshqa shunga o‘xshagan mahsulotlar bilvosita bo‘lsa ham mahsulot ishlab chiqaruvchi belgilayotgan narxga ta’sir qiladi.

Bu yerda ikki xil masala bor. Biz “oltin o‘rtalikni” topishimiz kerak. Bir tarafdan, oziq-ovqat mahsulotlariga barcha bojlarni olib tashlash juda katta ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi. Bu narsa oziq-ovqat narxlari pasayishiga, raqobat kuchayishiga turtki bo‘ldi.

Ikkinchi tarafdan, biz o‘zimizning mahsulot yetishtiruvchilarimiz raqobatbardoshligini ta’minlab berishimiz kerak. Bugun ta’kidlab o‘tganimizdek, mamlakatda mehnatga layoqatli aholining 27 foizi ushbu sohada mehnat qiladi. Biz ularning raqobatbardoshligini ta’minlab bermasak, shuncha odam ishsiz yoki daromadsiz qolish ehtimoli bor. Masalaning bu tomonini ham o‘ylashimiz kerak.

Shundan kelib chiqib, biz mahsulotlarimizning tannarxini tushirish ustida ishlashimiz kerak. Bu yil raqobat oshgani va moliyalashtirish mexanizmlari ko‘paygani o‘tgan yilga nisbatan tannarx 10−15 foiz pasayishiga imkon berdi.

— Qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish nima degani? Bunday raqamlashtirish va u olib keladigan natijalarga misollar keltira olasizmi?

— Raqamlashtirish qishloq xo‘jaligi uchun juda muhim hisoblanadi. Ayniqsa, O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun. Bu shaffoflikni ta’minlaydi, xarajatlarni kamaytiradi va turli xil manbalardan — ta’limdan tortib ilmiy manbalargacha foydalanish imkoniyatini oshiradi. Raqamlashtirish zanjirdagi barcha ishtirokchilarga ushbu resurslardan foydalanish imkonini beradi.

Qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish borasida katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Yaqinda ushbu sohani raqamlashtirishni jadallashtirish bo‘yicha prezident farmoni imzolandi.

Oldimizda muhim vazifalar turibdi. Birinchisi, bu biz uni yagona platformaga o‘tkazgan qishloq xo‘jaligi subsidiyalari hisoblanadi. Endilikda fermerlar yoki mahalliy tadbirkorlar hokimliklarni, viloyat yoki respublika muassasalarini chetlab o‘tib, subsidiya olishlari, bu subsidiyalar qayerda ekanini ko‘rishlari va subsidiya berish nima uchun rad etilganini bilishi mumkin. Bu korrupsiyani kamaytirishga yordam beradi.

Keyingisi, prezident tashabbusi bilan dehqon xo‘jaliklariga yer ajratish sanaladi. Ikki yilda 600 mingdan ortiq dehqon xo‘jaligiga 200 ming gektar yer ajratdik. Hammasi E-ijara (Qishloq xo‘jaligi vazirligining avtomatlashtirilgan axborot tizimi — tahr.) orqali amalga oshirildi.

азиз воитов, intervyu, iqlim o‘zgarishi, mulk huquqi, oziq-ovqat xavfsizligi, самарқанд, qishloq xo‘jaligi vaziri

Lekin, umuman olganda, biz fermer ham, tadbirkor ham bu xizmatlarning barchasini bir yerdan olishi mumkin bo‘lgan yagona ekotizim, platforma yaratmoqchimiz. Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi bilan birgalikda O‘zbekistonning barcha suv resurslarini raqamlashtiramiz. Buning uchun dronlar xarid qilamiz. Tadbirkorlar o‘z biznesini yanada yaxshi prognoz qilishi uchun tuproq turi, sifati, suv haqida ma’lumot olishlari mumkin bo‘ladi. Ishimiz natijalarini bir necha oy ichida taqdim etishni rejalashtiryapmiz.

Raqamlashtirish banklarimiz uchun ham qulay. Nima uchun banklar qishloq xo‘jaligini moliyalashtirmaydi? Men sizga sobiq bankir sifatida javob beraman. Ular qo‘rqishadi, chunki risklar yuqori. Ular bizning sug‘urta tizimimiz to‘liq rivojlanmagani uchun ham shunday harakat qilishadi. Sug‘urta kompaniyalari esa iqlimni oldindan bashorat qilib bo‘lmagani tufayli qishloq xo‘jaligini sug‘urta qilishdan qo‘rqadi. Raqamlashtirish yaxshiroq prognoz qilishga yordam beradi, bu esa sug‘urtalash hamda banklardan moliya jalb qilish jarayoniga ijobiy ta’sir qiladi.

— Fermerlarning yer va mulkka egalik huquqi yuzasidan holat oziq-ovqat xavfsizligi masalasiga qanchalik ta’sir qilyapti? Hozirda fermerlar uzoq muddatli rejalar qilishi, kelajakka ishonchi bo‘lishi lozim. Fermer yerning to‘laqonli egasi bo‘lmagan sharoitda buni qanday ta’minlash mumkin?

— Bu juda ham muhim savol. Bu bizning eng muammoli savolimiz. Biz qishloq xo‘jaligidagi tadbirkorlar nima uchun yerga uzoq muddatli investitsiya qilmasligini tahlil qildik. Buni, masalan, klasterlar bilan fermer xo‘jaliklari yoki dehqonlarning farqida ko‘rish mumkin.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda klasterlar tizimi ishlay boshladi. Ular tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikalari olib kelinyapti, yerga investitsiya kiritilyapti. Suvni tejovchi texnologiyalar o‘rnatish va lazerli tekislash amaliyoti ham shular sirasiga kiradi. Boshqa fermerlar orasida ham bu ishlarni amalga oshirayotganlar bor, lekin kam.

Biz buni tahlil qilib chiqdik. Sabab aynan siz aytgandek: yer egaligiga nisbatan ishonchsizlik bo‘lib chiqdi. Ya’ni ertaga hokimiyat yoki boshqa davlat organi kelib yer ijarasini to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun ham prezident qayta saylanganidan keyin mamlakatning strategik islohotlari bo‘yicha nutqida bu haqda gapirib o‘tdi. Yerga egalik masalasi birinchi marta ko‘tarildi.

Yerga bo‘lgan egalik huquqini kuchaytirish bo‘yicha biz barcha mutasaddi vazirlik va idoralar, shuningdek, Strategik tadqiqotlar agentligi bilan birga ishlayapmiz. To‘g‘ri, hali yerni xususiylashtirishgacha yetib kelmagan bo‘lishimiz mumkin, lekin ijaraga bo‘lgan huquqni kuchaytirish, bu orqali esa ijara bozorini tashkil qilish ustida ishlayapmiz.

Agar sizda yerga egalik qilish huquqi, uning bir qismini sotish yoki bir qismini ijaraga berish imkoni bo‘lsa, u sizning mulkingizga aylanadi. Ijara huquqini sotish ham shunday narsa. Biz buni yer xususiylashtirilmagan boshqa davlatlar misolida ko‘rdik. Ularda xususiylashtirish bo‘lmasa ham, bozor mavjud.

Biz xuddi shuni O‘zbekistonda tashkil etish bo‘yicha birinchi qadamlarni tashlayapmiz. Prezident topshirig‘i bilan qonun loyihasi tayyorlanyapti. Bu — uzoq vaqt davom etadigan jarayon. Lekin masala ancha muhokama qilingan.

Biz ertaga mulk huquqini kuchaytiridigan bo‘lsak, uni bankka garovga qo‘yish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu biz uchun juda katta yangi moliyalashtirish manbasi bo‘ladi. Bir necha mlrd dollarlik moliya bozori bizga ochiladi.

Shuningdek, ertaga yerda ishlayotgan odamda kredit olish imkoniyati ko‘payadi. Yer egaligiga bo‘lgan ishonch ortishi tufayli fermer yerga investitsiya kiritadi, suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatadi va tuproq unumdorligini oshirish bo‘yicha ishlarni amalga oshiradi.

Bu narsa hozir ham boshlangan. So‘nggi yillarda fermerlar huquqi bor ekanini ko‘rib, unga pul tika boshladi. Lekin buni tezlashtirish va ko‘paytirish uchun yuqorida aytganingizdek, yerga bo‘lgan mulk huquqini kuchaytirishimiz kerak.

Jahongir Azimov va Bahodir Abdullayev suhbatlashdi