30-avgust kuni “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish va soha vakillari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-289-son] qabul qilindi, deb xabar berdi “Norma”.

Hujjatga ko‘ra, 2023-yil 1-oktabrdan boshlab O‘zbek milliy maqom san’ati markazi va uning hududiy bo‘limlari boshqaruv, ilmiy va ijodiy xodimlarining yangilangan oylik ish haqi miqdorlari joriy etiladi.

Markazning alohida shaxsiy g‘azna hisobvarag‘i hisobidan ustamalarni belgilash tartibi joriy etilmoqda. Bunda ustamalar markaz xodimlari faoliyatining quyidagi yo‘nalishlarida erishilgan natijalari asosida belgilanadi:

  • respublika hududlarida va xorijiy davlatlarda gastrol konsert-tomosha tadbirlarida qatnashish;
  • mumtoz musiqa yo‘nalishida maqom namunalariga xos asarlarni yaratish va ularni notaga olish;
  • maqom va bastakorlar tomonidan bastalangan asarlarni takomillashtirish;
  • OAV hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali sof va mukammal ijrodagi maqomlarni targ‘ib etish;
  • mumtoz musiqa merosiga oid ilmiy maqolalar chop etish, izlanishlar olib borish, kitoblar va to‘plamlar yaratish;
  • maqom va bastakorlar tomonidan bastalangan asarlarning zamonaviy ohangdagi karaokelarini yaratish;
  • “ustoz-shogird” an’analarini davom ettirish, maqom san’atini rivojlantirishga qaratilgan boshqa yo‘nalishlar.

Hujjat bilan 2023−2025-yillarda quyidagilarni tashkil etish rejalari tasdiqlandi:

  • O‘zbek milliy maqom san’ati markazi va uning hududiy bo‘limlari maqom ansambllarining mahalliy gastrol safarlarini tashkil etish rejasi;
  • O‘zbek milliy maqom san’ati markazi va uning hududiy bo‘limlari maqom ansambllarining korxona va tashkilotlarga gastrol safarlarini tashkil etish rejasi;
  • O‘zbek milliy maqom san’ati markazi va uning hududiy bo‘limlari maqom ansambllarining xorijiy gastrol safarlarini tashkil etish rejasi.

Hujjat qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2023-yil 5-sentabrdan kuchga kirdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbek milliy maqom san’ati markazini davlat muassisi tarzida tashkil etish prezidentning 2017-yilning noyabridagi qarorida ko‘zda tutilgan edi. Markazni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad — o‘zbek maqom san’atini chuqur o‘rganish, o‘ziga xos ijro maktablar va an’analarni yangi bosqichda ravnaq toptirish, uning “oltin fondi”ni yaratish va boyitish, xalqaro nufuzini oshirish va keng targ‘ib qilishdan iborat.

Toshkentda Maqom markazi qurilishiga budjet mablag‘laridan 93 mlrd so‘m ajratish reja qilingandi.