2023-yil yozi sayyorada “katta farq bilan” kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yoz bo‘ldi. Bu Yevropa Ittifoqining iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Copernicus xizmati hisobotida keltirilgan.

Copernicus ma’lumotlariga ko‘ra, bu davrda dunyodagi o‘rtacha havo harorati Selsiy bo‘yicha 16,77 darajani tashkil etdi, bu odatdagidan 0,66 darajaga yuqori.

2023-yil avgust oyi ham rekord darajadagi eng issiq oy deb topildi. O‘rtacha global havo harorati Selsiy bo‘yicha 16,82 darajani tashkil etdi va 2016-yilda qayd etilgan avvalgi rekorddan 0,31 darajaga oshdi.

Meteorologlarning ta’kidlashicha, iyul va avgust oylari sanoatdan oldingi darajadan (1850−1900) 1,5 daraja issiqroq bo‘lgan. Iqlim o‘zgarishining eng halokatli oqibatlarining oldini olish uchun global o‘rtacha isish bu chegaradan oshmasligi kerak, deya ta’kidlanadi.

“Global harorat rekordlari 2023-yilda pasayishda davom etmoqda — eng issiq avgust oyi issiq o‘tgan iyul va iyun oylaridan keyin keldi… ilmiy dalillar shuni ko‘rsatadiki, biz iqlim rekordlarini, shuningdek, issiqxona gazlari emissiyasini to‘xtatmagunimizcha jamiyat va ekotizimlarga ta’sir qiluvchi tez-tez uchraydigan ekstremal ob-havo hodisalarini kuzatishda davom etamiz”, — deya ta’kidladi Copernicus direktori o‘rinbosari Samanta Berjess.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023-yil hozirda rekord darajadagi ikkinchi eng issiq yil hisoblanadi, u eng issiq o‘tgan 2016-yildan atigi 0,01 darajaga ortda qolmoqda va yil tugashiga hali to‘rt oy bor.

Yoz oylarida dengiz sathi harorati rekord darajada yuqori bo‘lib qoldi va avgust oyida Antarktidadagi dengiz muzlari harorati o‘rtacha ko‘rsatkichdan 12 foizga past bo‘ldi. Bugungi kunda bu 1970-yillarda sun’iy yo‘ldosh kuzatuvlari boshlanganidan beri yoz oxiridagi eng katta og‘ish bo‘lgani aytiladi.

G‘arbiy Yevropa, Turkiya, AQSh, Osiyo, Chili, Braziliya hududlarida yog‘ingarchilik miqdori ham me’yordan oshdi. Shu bilan birga, Skandinaviya mamlakatlarida, Markaziy Yevropada, Osiyoning ba’zi mamlakatlarida, Kanadada, AQShning janubida va Janubiy Amerikaning katta qismida yoz juda quruq o‘tdi. Ba’zi hududlarda bunday ob-havo tabiiy yong‘inlarning sabablaridan biriga aylandi.

“Sayyoramiz yaqinda qaynash mavsumini boshdan kechirdi — rekord darajadagi eng issiq yoz kuzatildi. Iqlim inqirozi boshlandi”, — deya izoh berdi BMT bosh kotibi Antonio Guterrish rekord darajada issiq yoz haqidagi xabarga.

Uning eslatishicha, olimlar uzoq vaqtdan beri qazib olinadigan yoqilg‘iga qaramlik nimaga olib kelishi haqida ogohlantirgan.

Guterrishning ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishi insoniyat yangi sharoitlarga moslashganidan ko‘ra tezroq sodir bo‘lmoqda va ekstremal ob-havo hodisalari butun sayyorada qayd etilmoqda.

“Haroratning keskin ko‘tarilishi harakatlarni faollashtirishni talab qiladi. Rahbarlar endi iqlim bo‘yicha qarorlar bilan kurashni kuchaytirishi kerak. Biz hali ham iqlim xaoslaridan qochishimiz mumkin va bunda bir daqiqani ham yo‘qotolmaymiz”, — deya ta’kidladi BMT rahbari.

Meteorologlarning taxminiga ko‘ra, 98% ehtimol bilan keyingi besh yildan biri yoki butun besh yillik davr tarixdagi eng issiq vaqt bo‘ladi. Mutaxassislar rekord darajadagi issiqlikni antropogen iqlim o‘zgarishi va El-Nino boshlanishi bilan bog‘lamoqda. Bu Tinch okeanida haroratning g‘ayritabiiy ko‘tarilishi bilan tavsiflangan tabiiy hodisa sanaladi.