Gonkongda so‘nggi 140 yildagi eng kuchli yog‘ingarchilik natijasida 130 dan ortiq kishi jarohatlandi, kamida ikki kishi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda South China Morning Post.

Gonkong meteorologiya observatoriyasi juma kuni kechqurun 2021-yil oktabr oyidan beri birinchi marta bo‘ron to‘g‘risida eng yuqori qora ogohlantirishni e’lon qildi. Bor-yo‘g‘i bir soat ichida — 23:00 dan 00:00 gacha — meteorologlar 158,1 mm yog‘ingarchilikni qayd etishdi. Shaharning ayrim hududlarida bir sutkadan kamroq vaqt ichida 500 mm gacha yomg‘ir yog‘di.

8-sentabr kuni tushdan keyin qora bo‘ron haqida ogohlantirish 12 soatdan ko‘proq vaqt davomida amalda bo‘lib, 1999-yildagi 5 soat 47 daqiqalik rekordni yangiladi.

Yomg‘ir ko‘chalar, yo‘llar, vokzallar va savdo markazlarini suv bosishiga olib keldi va ularni “daryolarga” aylantirdi, deb yozmoqda SCMP. Jamoat transporti harakati to‘xtatilgan.

Mahalliy hokimiyatlar barcha kunduzgi maktablarni yopdi va kompaniyalarga xodimlarga uyda qolishga ruxsat berishni tavsiya qildi. Gonkong fond birjasi va HKEX hisob-kitob palatasi ob-havo sharoiti tufayli savdo sessiyalari bekor qilinganini bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda odamlar suvdan qochish uchun mashinalar va boshqa platformalarga chiqishayotgani aks etgan.

Meteorologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yomg‘irlar avvalroq Xitoy janubini qamrab olgan “Xaykuy” to‘foni qoldiqlari tufayli yuzaga kelgan. O‘tgan hafta Gonkongga ikkinchi xavfli toifaga kiritilgan “Saola” to‘foni ham yopirilgan edi.

Bundan tashqari, qo‘shni Shenchjenda ham kuchli yomg‘ir yog‘di — shahar 1952-yildan beri eng yuqori yog‘ingarchilikni qabul qilib oldi.