Iqlim o‘zgarishi issiqlik to‘lqinlarining intensivligi va chastotasini oshirmoqda, bu esa o‘z navbatida, havo sifati, inson salomatligi va atrof-muhitga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu haqda Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) yangi hisobotida aytiladi.

Mutaxassislar yuqori harorat natijasida yuzaga keladigan havo ifloslanishi ta’siri ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi, lekin u ham xuddi o‘shanday halokatli.

“Issiqlik to‘lqinlari havo sifatini yomonlashtiradi, inson salomatligiga, ekotizimlarga, qishloq xo‘jaligiga va, albatta, kundalik hayotimizga ta’sir qiladi. Iqlim o‘zgarishi va havo sifatini alohida ko‘rib chiqish mumkin emas. Bu ayovsiz doirani buzish uchun bu muammolarni birgalikda hal qilish kerak”, dedi JMT bosh kotibi Petteri Taalas.

Avvalroq Copernicus Yevropa Ittifoqining iqlim o‘zgarishi bo‘yicha xizmati 2023-yil yozi rekord darajadagi eng issiq bo‘lganini ma’lum qilgandi. Iyul va avgust oylari sanoatdan oldingi darajadan 1,5 darajaga issiqroq bo‘ldi, bu iqlim o‘zgarishining eng halokatli ta’siridan qochishning asosiy ko‘rsatkichidir.

Ayrim hududlarda bunday ob-havo o‘rmon yong‘inlari sabablaridan biriga aylangan. Bu yil yozda Kanada, Gavayi va O‘rta yer dengizi mintaqasida yirik o‘rmon yong‘inlari kuzatildi.

“Issiqlik to‘lqinlari va o‘rmon yong‘inlari bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. O‘rmon yong‘inlari tutuni nafaqat havo sifati va sog‘lig‘iga ta’sir qiladigan, balki o‘simliklar, ekotizimlar va ekinlarga zarar yetkazadigan kimyoviy moddalar aralashmasini o‘z ichiga oladi, bu esa karbonat angidrid chiqindilarining ko‘payishiga olib keladi va shuning uchun atmosferada issiqxona gazlari ko‘payadi”, — dedi JMT tadqiqotchisi Lorenzo Labrador.

жмт, issiqlik to‘lqinlari, iqlim o‘zgarishi

2023-yil iyun oyi boshida Kanadadagi o‘rmon yong‘inlari tutuni Nyu-Yorkni (AQSh) qamrab oldi. Surat: Twitter/NYCMayor.

Shahar issiqlik orollari

Shahar hududlari ko‘pincha balandligi 100 metr yoki undan ko‘p bo‘lgan binolar va infratuzilmalardan iborat bo‘lib, bu qishloq joylariga nisbatan shamol va harorat rejimiga ta’sir qiladi. Ushbu ta’sir odatda “shahar issiqlik oroli” deb ataladi. Shunday qilib, kechasi shahar va qishloq o‘rtasidagi harorat farqi 9 darajagacha yetishi mumkin.

Yuqori haroratga ta’sir shahar aholisining kasallanishi va o‘limlar sonini oshirishi mumkin, ayniqsa issiqlik to‘lqinlari vaqtida va tunda.

JMT ekspertlarining ta’kidlashicha, shaharlarda yashil hududlarni yaratish atrofdagi iqlim muvozanatiga hissa qo‘shadi va bu aholi farovonligi uchun zarurdir. Ushbu yashil orollar karbonat angidridni o‘zlashtirish va havoni sovutish orqali havo sifatini yaxshilashga yordam beradi.

Issiqlik havo sifatiga qanday ta’sir qiladi?

An’anaviy ifloslantiruvchi moddalarga ozon kabi qisqa muddatli reaktiv gazlar, shuningdek zarrachalar, atmosferadagi ko‘plab mayda zarrachalar (odatda aerozollar deb ataladi) kiradi. Har ikki turdagi ifloslantiruvchi moddalar inson salomatligiga zararli ta’sir ko‘rsatadi va atmosferaning sovishi yoki isishiga olib keladigan murakkab xususiyatlarga ega.

Havo sifati, o‘z navbatida, atmosfera cho‘kishi (havoni ifloslantiruvchi moddalarning atmosferadan Yer yuzasiga tushishi jarayoni) orqali ekotizim salomatligiga ta’sir qiladi, shu bilan havo sifatini iqlim bilan bog‘laydi. Azot, oltingugurt va ozonning cho‘kishi tabiiy ekotizimlar tomonidan taqdim etiladigan toza suv, biologik xilma-xillik va uglerod saqlash kabi xizmatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi hamdaqishloq xo‘jaligi tizimlarida hosildorlikka ham ta’sir qilishi mumkin.

Issiq to‘lqinlar paytida ko‘p kun davom etadigan haddan tashqari issiqlik yong‘in tarqalishi uchun qulay muhit yaratishi mumkin. Ular boshlangandan so‘ng, ular quruq, yonuvchan o‘simliklarga duch kelganda tez o‘sadi. Bunday holatlar ayerozol emissiyasining oshishiga olib kelishi mumkin. Yuqori harorat va katta miqdordagi aerozollarning kombinatsiyasi aholining katta qismi uchun xavfli sog‘liq uchun xavf tug‘diradi.

Misol tariqasida hisobot mualliflari 2022-yilda sodir bo‘lgan ikkita voqeani keltirishmoqda: AQSh g‘arbiy qismidagi jazirama to‘lqinlar va butun Yevropa bo‘ylab cho‘l changining kirib kelishi bilan kechgan jazirama to‘lqinlar natijasida yuzaga kelgan yong‘inlar.

O‘tgan iyul oyida Yevropaning ko‘p qismini qamrab olgan haddan tashqari issiqlik to‘lqini vaqtida havo Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan belgilangan xavfsiz ozon darajasidan oshib ketdi. AQShdagi yong‘inlar tabiiy ekotizimlarga azot birikmalarining sezilarli darajada tarqalishiga olib keldi, bu biologik xilma-xillik, ichimlik suvi tozaligi va havo sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.