Xorazm viloyati Hazorasp tumanida 13 ta egasiz it zaharli xo‘rak yordamida yo‘q qilindi, deya xabar bermoqda tuman hokimligi matbuot xizmati.

Ijtimoiy tarmoqlarda daydi itlar sababli tumanning “Zehnli” mahallasi bolalari maktabga bora olmayotgani haqida xabar tarqalgan.

itlar, ҳазорасп tumani

Foto: t.me/Xorazmbugunn

Unda itlarni otib o‘ldirish emas, balki maxsus qo‘riqxonalar ochib, qarovsiz jonivorlarni o‘sha yerga joylashtirish, holat nazoratga olinishi so‘ralgan.

itlar, ҳазорасп tumani

Biroq Hazorasp tumani obodonlashtirish bo‘limining Qarovsiz qolgan daydi hayvonlarni ushlash va yo‘q qilish bo‘linmasi xodimlari mahalladagi daydi itlarning 13 tasini zaharli xo‘rak yordamida o‘ldirgan.

Vazirlar Mahkamasining “Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, ko‘chalarda va boshqa joylarda qarovsiz qolgan, shu jumladan, egasiz itlar ushlanib, vaqtincha saqlash uchun maxsus joylarga olib ketilishi kerak.

Odamlar va hayvonlarga jarohat yetkazgan yoxud nojo‘ya harakat qilinmaganda, ularga hujum qilgan hayvonlarni keyinchalik karantin qilish uchun veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlariga yetkazish belgilangan.

Hatto quturish aniqlangan taqdirda ham, karantin zonasidagi va tahdid zonasidagi quturishga moyil barcha hayvonlar quturishga qarshi profilaktik vaksinatsiya qilinadi.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik, jumladan, ommaviy zo‘ravonlik tez-tez uchrab turadi. 2019-yilda “Gazeta.uz” Samarqandda itlar va mushuklar ommaviy zaharlangani haqida reportaj tayyorlagandi. 2018-yilda Jizzax viloyatining Paxtakor shahrida uzoq yillar davomida jonivorlarning qirg‘in qilingani haqida xabar berilgan. Bundan tashqari, poytaxtdagi hayvonlarni qo‘lga olish xizmati holati haqida ham yozgandik.