O‘zbekistonda xususiy aviakompaniyalarni rivojlantirish uchun havo kemalarini vaqtincha olib kirishni osonlashtirish rejalashtirilmoqda. Bu Shavkat Mirziyoyevning 4-sentabrdagi tadbirkorlar bilan muloqotidan so‘ng qabul qilingan qaroriga ilova qilingan “yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan.

Gap ijara va lizing shartlarida vaqtincha olib kirilgan, chiqarilgan kundan boshlab 25 yildan ortiq bo‘lmagan havo kemalarini olib kirishda davriy bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod qilish haqida bormoqda.

Mas’ul vazirliklarga oktabr oyiga qadar bu boradagi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Bojxona kodeksiga muvofiq davriy bojxona to‘lovlari tovarlar vaqtincha olib kirish bojxona rejimida turgan har bir to‘liq va to‘liq bo‘lmagan kalendar oy uchun, ushbu tovarlar vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirilgan kunda erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilganda to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona bojlari va soliqlar summasining besh foizi miqdorida chet el valyutasida hisoblanadi.

Bunday to‘lovlar milliy valyutada Markaziy bank tomonidan to‘lov kunida belgilangan rasmiy kurs bo‘yicha to‘lanadi. Mablag‘lar davlat budjetiga o‘tkaziladi. Davriy bojxona to‘lovlarini hisoblashda tovarlar vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirilgan kuni amaldagi bojxona to‘lovlari stavkalari qo‘llaniladi.

Yanvar oyida O‘zbekiston Germaniya, Litva, Fransiya, Singapur va Buyuk Britaniyadan 633,1 million dollarga 13 ta samolyot olib keldi. Birinchi yarim yil yakuniga ko‘ra, Germaniya bilan tovar ayirboshlash 928,8 million dollarni tashkil etdi, biroq iyul oyida Statistika agentligi samolyot importi uchun 274,2 million dollarga tuzatish kiritilishi hisobiga bu ko‘rsatkichni 608,9 million dollarga kamaytirdi. Kamaytirish sababi — bir necha samolyotlar boshqa mamlakatlar tomonidan trazit tarzda sotib olingan.