Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi yana Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasiga o‘tkazildi. Bu Shavkat Mirziyoyevning 6-sentabrda qabul qiligan Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonida belgilandi.

Hujjatda agentlik farmatsevtika sanoati barqaror rivojlanishi uchun javobgarlikni to‘liq zimmasiga olishi qayd etildi. Agentlikni SSVga o‘tkazishda mustaqil yuridik shaxs maqomi hamda faoliyatini moliyalashtirishning amaldagi manbalari va tartibi saqlab qolinadi.

Farmon bilan davlat budjeti mablag‘lari hisobiga imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha tasdiqlangan standartlarga muvofiq tibbiy xizmatlarning bazaviy narxlari SSV tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi prezidentning 2017-yil 7-noyabrdagi qarori bilan “O‘zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik konserni tugatilgan paytda tashkil etilgandi. Uning tugatilishiga “farmatsevtika sanoati rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi tizimli kamchiliklar”, tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha yagona strategiyaning yo‘qligi hamda mahalliy farmatsevtika korxonalarining faoliyatini, shu jumladan, tegishli mahsulotlarni aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarining ularga bo‘lgan ehtiyojini lozim darajada muvofiqlashtirish ta’minlanmagani sabab bo‘lgan.

2022-yil dekabrda davlat rahbarining farmoni bilan agentlik Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga o‘tkazildi (dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ro‘yxatdan o‘tkazish funksiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligida qoldi).

O‘sha paytda — dekabr oyida Hindistonning Marion Biotech kompaniyasiga tegishli “Dok-1 Maks” siropi va boshqa dori vositalarini qabul qilish oqibatida o‘nlab bolalar halok bo‘lganidan so‘ng agentlik direktori Sardor Kariyev ishdan bo‘shatilgan. Hozir u jinoiy ishda ayblanuvchilardan biri. Jurabek Laboratories qo‘shma korxonasi sobiq direktori Kariyev agentlikka 2019-yil fevral oyida rahbarlik qila boshlagandi.