Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi. Shavkat Mirziyoyevning 6-sentabrdagi Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni bilan u 2024-yil 1-yanvardan ish boshlaydi.

Jamg‘arma quyidagilarni birlashtirish orqali tuziladi:

  • Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi;
  • Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasi;
  • Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi;
  • Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo‘yilgan bemor bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi.

Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:

  • davlat budjetidan har yili ajratiladigan 350 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar;
  • spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo‘yilgan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish va dori vositalarini bepul yetkazib berish xarajatlari uchun davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar;
  • iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish uchun davlat budjetidan har yili ajratiladigan 50 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar;
  • SSV tizimidagi muassasalar va tashkilotlarning bo‘sh turgan binolari, ko‘chmas mulk obyektlari va yer uchastkalarini ommaviy savdolar (auksion)da sotishdan tushadigan mablag‘larning respublika budjetiga o‘tkaziladigan 50 foizi;
  • SSV tizimidagi muassasa va tashkilotlarning mol-mulkini ijaraga berishdan tushadigan tushumlarning, Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazining operatsion xarajatlarini chegirib tashlagan holda, mahalliy budjetlarga o‘tkaziladigan 100 foizi;
  • xalqaro moliya institutlarining, hukumat va nohukumat tashkilotlarning grantlari va texnik ko‘mak mablag‘lari;
  • G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi tomonidan jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
  • qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Jamg‘arma mablag‘lari nimalarga sarflanadi?

Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari quyidagilarga sarflanadi:

  • sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari va SSV tizimidagi davlat tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, dasturiy mahsulotlar sotib olish va axborot-kommunikatsiya tarmoqlariga texnik xizmat ko‘rsatish;
  • tibbiy asbob-uskunalar, kompyuterlar, planshetlar, multimedia va tarmoq qurilmalari, dasturiy ta’minotlarni xaridqilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish va rivojlantirish;
  • sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari va vazirlik tizimidagi davlat tibbiyot muassasalarining xodimlarinixorijda tayyorlash va qaytatayyorlash, shuningdek, o‘qitish, malaka oshirish va tajriba almashishni respublikada tashkil etish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb etish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish;
  • sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari, shuningdek, vazirlik tizimidagi muassasalar va tashkilotlarning kadrlarsalohiyatini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirish;
  • onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklar bo‘yicha yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni amalga oshirish uchun mutaxassislarni, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish;
  • mahalliy va xorijiy ekspertlar va konsalting tashkilotlarini jalb qilish, sog‘liqni saqlash sohasidagi keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirish maqsadida ekspertlik guruhi faoliyatini tashkil etish va moliyalashtirish;
  • onkogematologik va davolash qiyinbo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tegishli tibbiyot muassasalarini kapital va joriy ta’mirlash, qurish va rekonstruksiya qilish, ularga asbob-uskunalar, dori vositalari, tibbiy buyumlar, laboratoriya reaktivlari va boshqa sarflash vositalarini xarid qilish;
  • vazirlik tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat asosida og‘ir kasallikka chalingan yetim bolalarva ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning respublikada amalga oshirilmaydigan jarrohlik amaliyotlarini xorijiy mamlakatlarda o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash;
  • onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarga respublika hududidagi davlat vanodavlat tibbiyot tashkilotlarining yuqori texnologik tashxis va davolash-profilaktika xizmatlarini xarid qilish xarajatlarini qoplash;
  • vazirlik tizimi xodimlarini o‘qitish, qayta tayyorlash va stajirovkasini tashkil etish, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarga tashriflarini, O‘zbekiston hududidan tashqarida o‘tkaziladigan konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etishini, xizmat safariga yuborilishini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash;
  • oliy va o‘rta tibbiyot ta’lim muassasalarining iqtidorli talabalariga maxsus stipendiyalar to‘lashga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish;
  • Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasi va uning direksiyasi, shuningdek, Salomatlik va strategik rivojlanish instituti va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash;
  • Vazirlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga qaratilgan boshqa tadbirlarni hamda sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish.

Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati tuzilmasida vazirlik boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni doirasida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan jamg‘arma direksiyasi tashkil etiladi.

Jamg‘arma mablag‘lari uning kuzatuv kengashi qaroriga asosan qat’iy ravishda ushbu farmonda ko‘rsatilgan yo‘nalishlarga sarflanadi. Joriy moliya yilida foydalanilmagan (o‘zlashtirilmagan) mablag‘lari keyingi moliya yiliga o‘tkaziladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi va Adliya vazirligiga bir oy muddatda Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni hamda uning kuzatuv kengashi tarkibini tasdiqlash topshrildi.