2-sentabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida ro‘y bergan otishma oqibatida O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekistonning ushbu shahardagi bosh konsulxonasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, shu kuni ikki jinoiy guruh o‘rtasida qurolli otishma sodir bo‘lgan. Voqea joyiga yaqin yerda mehnat qilayotgan 46 yoshli asli samarqandlik N.Z. ham og‘ir yaralangan va shifoxonaga olib ketilgan. Ko‘rsatilgan tez tibbiy yordamlarga qaramasdan, u vafot etgan.

Mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar jinoyat sodir etgan shaxslarni ushlab, ularga nisbatan tergov harakatlarini boshlagan.

Holat yuzasidan bosh konsulxona fuqaroning jasadini shahar aeroportidan Samarqand viloyatiga yuborish uchun uning yaqinlariga amaliy yordam ko‘rsatdi, deyiladi xabarda.