O‘zbekistonda 2023-yil yakuniga qadar “Aholi salomatligi — 2030” milliy strategiyasi ishlab chiqiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 6-sentabrdagi Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni bilan vazirlikka xalqaro tashkilotlar va xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda “ilg‘or xorijiy tajriba asosida” hujjat tayyorlash topshirildi.

Strategiyada quyidagilarga asosiy e’tibor qaratiladi:

  • aholini maksimal qamrab olgan holda birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatini unga yanada yaqinlashtirish;
  • fuqarolarning sog‘lom turmush tarzini, sog‘lom ovqatlanishini va jismoniy faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularni aholi orasida har tomonlama targ‘ib qilish;
  • onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholining bu boradagi ehtiyojlarini qondirish;
  • ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘lamini kengaytirish;
  • sog‘liqni saqlash tizimini to‘liq raqamlashtirish, qog‘ozbozlikka, asossiz byurokratiyaga va navbatlarga chek qo‘yish, aholiga tibbiyot muassasalariga murojaat qilganida qulayliklar yaratish;
  • zamonaviy va samarali boshqaruv usullarini joriy qilish va tibbiy xizmatlar sifatini oshirish;
  • kadrlar salohiyatini oshirish, tibbiy ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish;
  • xususiy sektorni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish hamda yirik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish;
  • tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
  • farmatsevtika tarmog‘ini samarali tartibga solish.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Salomatlik va strategik rivojlanish instituti bilan birgalikda ikki oy muddatda 2024−2026-yillarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, to‘g‘ri ovqatlanishni tizimli targ‘ib qilish va ommalashtirish dasturini ishlab chiqadi.

2019-yil yakunida prezident qarori bilan 2019−2022-yillarda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish konsepsiyasi va dasturi tasdiqlangandi.

Davlat rahbari 2020-yil oktabr oyida “Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini imzolagan. Unda davlat organlari rahbarlari va barcha xodimlari ish vaqtidan so‘ng haftada kamida bir marta jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishishi belgilangan.

Bundan tashqari, fuqarolarga 10 ming va undan ortiq qadam yurgani uchun pul to‘lash loyihasi ishga tushirilgan (2022-yil bahorida loyiha to‘xtatilgan). Xuddi shu farmonda mamlakatning barcha viloyat va shaharlarida piyoda va velosipedda harakatlanish uchun “Salomatlik yo‘laklari” tashkil etish topshirilgan.