2023-yilning yanvar-avgust oylarida “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan huquq-tartibot idoralari hamda gaz va elektr ta’minoti korxonalari bilan hamkorlikda tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 6305 ta holat aniqlangan. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Jami 286,29 milliard so‘mlik 308,84 million kub metrdan ortiq gaz va 103,89 milliard so‘mlik 197,62 million kVt/soatdan ortiq elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Shu tariqa, davlatga yetkazilgan jami zarar 390,18 milliard so‘mni tashkil etgan.

Gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari eng ko‘p Andijon, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlarida kuzatilgan.

Shuningdek, Toshkent markaziy nazorat-kimyo laboratoriyasi tomonidan neft mahsulotlari bo‘yicha olib borilgan sifat nazorati tadbirlarida xususiy avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida 200 ta holatda 5 mln 225 ming litr neft mahsulotlarining sifatsizligi aniqlangan.

Hisobotda, shuningdek, inspeksiyaning sa’y-harakatlari bilan yil oxirigacha 6,78 million kVt/soat elektr energiyasi tejalishi qayd etilgan.

Yil boshidan buyon 7 ming 700 ga yaqin obyektni elektr energiyasi bilan ta’minlash loyihalari ekspertizadan o‘tkazildi, 5 ming 890 iste’molchining umumiy quvvati 844,8 MVt bo‘lgan elektr inshootlari tarmoqqa ulandi.

Inspeksiya tomonidan iste’molchilarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha jami 7 ming 700 ga yaqin obyektlarning elektr ta’minoti loyihalari ekspertizadan o‘tkazilib, 5 ming 589 ta iste’molchining umumiy quvvati 844,8 megavatt bo‘lgan elektr qurilmalari elektr tarmoqlariga ulandi.

Shuningdek, hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga tegishli 2 ming 352 ta obyektning elektr ta’minoti loyihalari kelishildi.

Xavfi yuqori bo‘lgan obyektlarni va potensial xavfli ishlab chiqarishlarni loyihalashtirish, qurish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha faoliyatini litsenziyalash yuzasidan 246 ta xulosa berildi.

50 kVt va undan yuqori bo‘lgan iste’molchilarning energiya resurslaridan oqilona foydalanishi yuzasidan 17 mingdan ziyod ko‘rsatma berildi.