Xitoy hukumati Markaziy davlat idoralari xodimlariga ish joyida iPhone smartfonlari va boshqa xorijiy brend qurilmalaridan foydalanishni taqiqladi, deya xabar bermoqda The Wall Street Journal. Shuningdek, ularni idoraga olib kelish ham mumkin emas.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, buyruq ichki suhbatlar yoki yig‘ilishlarda rasmiylarga topshirilgan.

Bu harakat Xitoyning chet el texnologiyalariga qaramlikni kamaytirish va chet elda maxfiy ma’lumotlar tarqalishini cheklash maqsadida milliy kiberxavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan yana bir urinishi bo‘lgani ta’kidlanmoqda.

Avvalroq mamlakat rasmiylari alohida bo‘limlarda iPhone’dan foydalanishga cheklovlar qo‘ygan edi, ammo endilikda bu buyruq kengaytirildi, deb yozadi gazeta.

Bunday choralar mamlakatdagi xorijiy brendlar, shu jumladan Apple kompaniyasi ko‘rsatkichlarini yomonlashtirishi mumkin. Kompaniya, nashrning ta’kidlashicha, Xitoyning yuqori narx oralig‘idagi smartfonlar bozorida hukmron va umumiy daromadining taxminan 19 foiziga egalik qiladi. Taqiq haqidagi xabar e’lon qilinganidan so‘ng Apple aksiyalari 3,6 foizga tushib ketdi.

“Pekin uzoq vaqtdan buyon o‘z davlat korxonalarini xorijiy texnologiyalar, shu jumladan kompyuterlar, operatsion tizimlar va dasturiy ta’minotni hukumat xavfsiz va boshqariladigan deb hisoblaydigan mahalliy analoglar bilan almashtirishni talab qilmoqda”, — deb yozadi The Wall Street Journal.

2021-yilda XXR hukumati ta’sirchan ma’lumotlar sizib chiqishidan xavotir olib, harbiylar va boshqa asosiy davlat idoralari xodimlariga Tesla avtomobillaridan foydalanishni cheklagan edi.

Xitoy hukumati, shuningdek, bir qator xorijiy kompaniyalardan to‘plangan ma’lumotlarni mamlakat hududida saqlashni talab qilmoqda, bu esa Apple va Tesla kabi ishlab chiqaruvchilarni Xitoyda ma’lumotlar markazlarini qurishga majbur qildi. Biroq bu “Pekinning milliy xavfsizlik bilan bog‘liq tashvishlarini yumshatish” uchun yetarli emas, deb ta’kidlaydi nashr.

Xitoy cheklovlari AQShda Xitoy kompaniyalari, shu jumladan Huawei tomonidan ishlab chiqarilgan aloqa uskunalariga qarshi shunga o‘xshash taqiqlarni aks ettiradi. Bundan tashqari, o‘nlab shtatlarda amerikalik davlat xizmatchilariga Xitoyning ByteDance kompaniyasiga tegishli TikTok ilovasidan foydalanish taqiqlangan.

Xitoy va AQSh o‘rtasidagi ziddiyatlar yil sayin ortib bormoqda. Avgust oyida prezident Jo Bayden Amerikaning Xitoy texnologiya sanoatiga, jumladan yarimo‘tkazgichlar va mikroelektronika, kvant texnologiyalari va sun’iy intellektni rivojlantirish sohalariga investitsiyalarini cheklovchi farmonni imzoladi. O‘tgan yilning oktabr oyida AQSh Xitoyga Amerika texnologiyasidan foydalangan holda ishlab chiqarilgan sun’iy intellekt chiplarini sotishni ham chekladi. Iqtisodchilar bu qarama-qarshilikni “chip urushi” deb atashadi.