2023−2025-yillarda Buxoro viloyati aholisi to‘liq ish bilan ta’minlangan hududga aylantiriladi. Bu haqda 6-sentabr kuni viloyat hokimi Botir Zaripov prezident Shavkat Mirziyoyevga aholi bandligini ta’minlashga doir takliflarning onlayn taqdimotida aytib o‘tdi.

бандлик, бухоро, шавкат мирзиёев

Davlat rahbarining matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hozirgi kunda Buxoro viloyatida 1 milliondan ziyod mehnatga layoqatli aholi bo‘lib, shundan 76 ming nafari ishsiz. Har yili mehnat bozoriga 37 mingga yaqin yoshlar kirib kelmoqda.

Buning uchun “imkoniyatlar yetarli”, deyiladi taqdimotda. Xususan, Buxoroda 11 ta paxta-to‘qimachilik va g‘allachilik klasterlari bo‘lib, ular tomonidan sanoat va qishloq xo‘jaligida 94 mingta, shu jumladan, kasanachilikni rivojlantirish orqali 19 mingta ish o‘rni ochilishi mo‘ljallanmoqda.

Mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik, chorvachilik, savdo va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida 57 ta mikromarkaz, ishsizlik yuqori bo‘lgan 98 ta mahallada kichik tikuv sexlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

2023-yilda 15 ming gektar ekin yerlarini qayta foydalanishga kiritish imkoniyati ham bor. Bu yerlar yangi dehqon xo‘jaliklari tashkil etish uchun aholiga ochiq elektron tanlov asosida taqdim etiladi.

Shuningdek, davlat aktivlarini auksionga chiqarish, ularning negizida ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Ushbu chora-tadbirlar natijasida 2023-yilda 250 mingta ish o‘rni yaratilishi, 2023−2025-yillarda Buxoro viloyati aholisi to‘liq ish bilan ta’minlangan hududga aylantirilishi qayd etildi, deyiladi xabarda.

Taqdimotda Hindiston bilan hamkorlikda Qorako‘l tumanida IT-klaster tashkil etish loyihasi haqida ham axborot berildi.

“Davlat rahbari mazkur takliflarni ma’qullab, qo‘shimcha topshiriqlar berdi”, — deyiladi xabarda.