Ukrainalik bolalarga O‘zbekiston jamoat tashkilotlari va ishbilarmonlar nomidan insonparvarlik yordami yetkazildi, deya xabar berdi Ukrainaning Toshkentdagi elchisi Nikolay Doroshenko.

Yordam paketidan erkaklar, ayollar va bolalar uchun futbolkalar, shuningdek, 2000 ta birinchi sinf to‘plami o‘rin olgan. To‘plamga esa maktab sumkasi, daftar, rasm daftari, rangli qog‘oz, plastilin to‘plami, ruchka, yelim, qalam, rangli qalam, akvarel va qalam qutisi kiritilgan.

Gumanitar yukni Ukraina-O‘zbekiston do‘stligi xalqaro jamiyati rahbari Lyubomir Bashinskiy qabul qilib oldi. Ukraina elchixonasining “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, bu O‘zbekistondagi nodavlat tashkilotlar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan yig‘ilgan gumanitar yuklarning ikkinchi partiyasidir. Birinchisi, jumladan, 10,5 tonna kiyim-kechak, poyabzal va tibbiyot buyumlari 18-avgust kuni mamlakatga yetib borgan. Yuboruvchilar, avvalgidek, anonim qolishni afzal ko‘rishgan.

Birinchi sinf o‘quvchilari uchun to‘plamlar Zakarpat viloyati ma’muriyatining ko‘chirilganlar markaziga topshirildi. Ular Xarkov, Xerson, Nikolayev va Zaporoje viloyatlaridan yetimlar va ko‘chirilganlarning bolalariga topshiriladi.

“Ishonchim komilki, anonim xayriya minnatdorchilikni inkor etmaydi. Ushbu aksiya tashabbuskorlariga samimiy minnatdorchiligimni bildiraman. Bu xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik o‘zgarmasligini tasdiqlaydi”, — deb yozadi Ukraina elchisi Nikolay Doroshenko.