Toshkentning Olmazor tumanidagi yashil hududda 19 tup daraxtga zarar yetdi, deya xabar berdi 30-avgust kuni ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev.

U e’lon qilgan xabarga ko‘ra, tadbirkor bu yerda qurilish ishlarini amalga oshirishni rejalashtirgan, biroq mahalliy aholi va ekologlar daraxtlarni kesishga qarshi chiqqan.

Daraxtlarni ildiz qismidan kesishning iloji bo‘lmagach, ularni quritish maqsadida drel bilan teshiklar hosil qilinib, ichiga suyuqlik quyilgan.

Shikastlangan daraxtlar orasida shumtol, akatsiya, chinor, archa va aylant bor. Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 534,8 million so‘mni tashkil etgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-modda 3-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qasddan shikastlantirish, payhon qilish, nobud qilish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.