Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida ichimlik suvi ta’minoti uch kunga — 6−8-sentabr kunlari soat 8:00 dan 20:00 gacha (qolgan vaqtlarda suv berilishi kerak) to‘xtatildi, deb xabar qildi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, kanalizatsiya tarmog‘idagi yirik avariya tufayli shaharning barcha mahallalarida suv ta’minotini to‘xtatish talab qilingan.

“O‘zsuvta’minot” davlat aksiyadorlik jamiyati hududiy filialidan “Gazeta.uz”ga ma’lum qilinishicha, 5-sentabrdan boshlab suvni to‘xtatish rejalashtirilgan edi, ammo texnikalar kechikayotgani sababli muddatlar o‘zgargan.

Termiz shahridagi markazlashgan ichimlik suvi bilan aholining 90 foizi qamrab olingan. Viloyat tumanlaridan shahar aholisiga suv yetkazib berish uchun maxsus texnikalar ajratildi.

Kompaniya filiali avariyaga kanalizatsiya va quduqlardan foydalanish qoidalarining buzilishi sabab bo‘lgani, “aholi yillar davomida to‘planib qolgan turli xil axlatlarni tashlab ketgani”ni ta’kidladi.