Ukrainaning Donetsk viloyati Konstantinovka shahridagi bozorni 6-sentabr kuni Rossiya artilleriyasi tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida 16 kishi halok bo‘ldi, deya ma’lum qildi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy.

“Oddiy bozor. Do‘konlar. Dorixona. Aybdor bo‘lmagan odamlar. Yaralanganlar ko‘p. Afsuski, halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar soni hali ham ko‘payishi mumkin”, — deb yozdi u Telegram kanalida.

Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal halok bo‘lganlar orasida bir bola borligini qo‘shimcha qildi. Bundan tashqari, kamida 20 kishi jarohatlangan. Keyinroq qutqaruvchilar qurbonlar soni 28 kishiga yetganini ma’lum qilishdi.

Bozor o‘qqa tutilgach, yong‘in boshlandi va 300 kvadrat metr maydonni qamrab oldi. 30 ga yaqin savdo pavilonlari shikastlangan.