5-sentabr kuni soat 08:30 atrofida Buxoro viloyati Olot tumanida yuk mashinasi poyezd bilan to‘qnashdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

YTH oqibatida Howo yuk mashinasi haydovchisi og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Videoda temiryo‘l va avtoyo‘l kesishmasida shlagbaum yo‘qligini ko‘rish mumkin. Viloyat IIB matbuot kotibi holatga izoh berarkan, hudud qatnov kamligi va cho‘l zonada joylashgani uchun alohida nazoratga olinmasligini, biroq boshqa qo‘shimcha belgilar mavjudligini qayd etdi.