2023-yilning avgust oyi harorat tartibi bo‘yicha o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘ldi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet xizmati agentligi.

Oy issiq havo bilan boshlandi. Avgust oyining boshida havo +39…+41 darajagacha isidi, cho‘l hududlarda va eng chekka janubda ba’zi joylarda +43 darajagacha bo‘ldi. So‘ng oyning oxirigacha harorat pasayishi va ko‘tarilishi davrlari bir-biri bilan o‘rin almashib turdi, lekin havo harorati +40 darajaga yetmadi.

Avgust oxirida O‘zbekiston bo‘yicha kunduzgi harorat +23…+26 darajagacha, janubda +30 darajagacha pasayishi kuzatildi.

Respublikaning barcha hududlari bo‘yicha avgustda maksimal harorat eng issiq yillarda avgust oyida kuzatilgan maksimal haroratdan past bo‘ldi. Bu farq, ayniqsa, O‘zbekistonning eng issiq hududlarida: Orolbo‘yi mintaqalarida, respublikaning cho‘l hududlarida va eng chekka janubda sezilarli bo‘ldi.

Ushbu hududlarda mutlaq maksimal havo harorat +44…+47 daraja bo‘lsa, joriy yilning avgust oyida maksimal harorat +40…+41 darajadan oshmadi va faqat eng chekka janubda +43 darajaga yetdi.

Iqlim ma’lumotlariga ko‘ra, avgust — yilning eng qurg‘oqchil oyi hisoblanadi. Yomg‘ir ko‘pincha tog‘ oldi va tog‘li hududlarda kuzatiladi. Respublikaning tekislik hududlari bo‘yicha yomg‘ir har yili yog‘maydi va ular mahalliy xususiyatga ega bo‘ladi.

“Bu yilning avgust oyi yomg‘irlar yog‘ishi tavsifi bo‘yicha juda g‘ayritabiiy bo‘ldi. Oyning katta qismi quruq bo‘ldi. Ammo so‘nggi besh kunlikda respublika bo‘yicha deyarli barcha hududlarda yomg‘ir yog‘di, bu kuzning birinchi xabarchilari bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.

Ayrim hududlarda bir kecha-kunduz uchun yog‘ingarchilik miqdori avgust oyining oylik me’yoridan bir necha marta ko‘p bo‘ldi. 8-avgustda Toshkent viloyatining baland tog‘larida (Oygaing ob-havo stansiyasi hududida) oylik me’yor 22 mm bo‘lganda — 56 mm, Sariosiyoda oylik me’yor 0,4 mm bo‘lganda 35 mm, 28-avgustda Qo‘qon hududida oylik me’yor 5 mm bo‘lganda — 20 daqiqada 35 mm yog‘ingarchilik kuzatildi.

Toshkentda oylik me’yor 2 mm bo‘lganda 27-avgustda — 8 mm, 31-avgustda esa 6 mm yomg‘ir yog‘di. Sirdaryo, Andijon, Farg‘ona viloyatlarida ba’zi joylarda, Toshkent viloyatining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida oylik yog‘ingarchilik miqdori butun kuzatuvlar tarixida rekord bo‘ldi.