2023-yilning o‘tgan 7 oyida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan 21 871 nafar xotin-qizga himoya orderi berildi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i O‘g‘iloy O‘rozova ma’lum qilindi.

Xotin-qizlarga nisbatan qayd etilgan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining 18 526 tasi yoki 84,7 foizi oilalarda sodir etilgan.

Qayd etilishicha, himoya orderi berish natijasida 9 362 ta oilani tiklashga, 11 350 ta oilada nizolarni bartaraf etishga erishilgan. Rasmiylashtirilgan 5 495 ta himoya orderlari bo‘yicha ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik belgilanib, xotin-qizlarning buzilgan huquqlari tiklangan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019-yilda zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar uchun “himoya orderi” instituti joriy etilgan. “Gazeta.uz” 25-noyabr — “Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni” munosabati bilan “himoya orderi” haqida qo‘llanma material e’lon qilgan. Unda orderni qayerdan va qanday olish, jabrlanuvchi qay tartibda himoya qilinishi va zo‘ravonga ko‘riladigan choralar haqida bilib olish mumkin.