4-sentabr kuni Rossiyaning Kemerovo viloyati Mariinsk shahrida shoir Usmon Nosir haykali ochildi. Bu haqda O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi xabar qildi.

Qayd etilishicha, bu Shavkat Mirziyoyevning 2022-yildagi “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”ga qarorida topshiriq sifatida ko‘rsatib o‘tilgan.

Haykalning ochilish tadbirida Kemerovo viloyati gubernatori Sergey Sivilyov, O‘zbekistonning Rossiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadov, O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid va boshqalar ishtirok etdi.

Haykal muallifi Konstantin Zenich sanaladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Mariinskdagi o‘rmonzorda joylashgan qatag‘on qurbonlari mozoriga dafn etilgan Usmon Nosir qabrini ziyorat qildi.

кемерово viloyati, усмон носир

2022-yilning noyabr oyida Namangan shahrida shoirning haykali o‘rnatilgandi. Shuningdek, Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining qarori bilan Yunusobod tumani “Buyuk Turon” mahallasidagi (Oloy bozori orqasidagi) ko‘chalarning biriga Usmon Nosir nomi berilgan.