2019-yil martidan 2023-yil iyul oyining oxirigacha BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili sifatida Matilda Dimovska faoliyat yuritgan. U Toshkentdagi missiyani yakunlash arafasida “Gazeta.uz”ga intervyu berdi. Unda u mamlakatning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi yutuqlari, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, hukumat e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan istiqboldagi vazifalar haqida fikr yuritdi.

— BMTTDning O‘zbekistondagi faoliyati Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) amalga oshirish bilan bevosita bog‘liq. Sizning bu yerda ishlagan davringizda mamlakat qaysi BRMlar bo‘yicha muvaffaqiyatga erishdi va qaysi birlarining ustida hali ishlash kerak?

— BMT Taraqqiyot dasturining missiyasi BRMga erishish bilan chambarchas bog‘liq, u BRMga erishish uchun kompas bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbekistonda biz mamlakatning barqaror rivojlanish dasturiga oid kun tartibiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha qat’iy intilishi va harakatlarini kuzatishga muyassar bo‘ldik. Xususan, BMTTD ko‘magida hukumat rivojlanishni rejalashtirish va moliyalashtirish jarayonlarini moslashtirish, mavjud moliyaviy oqimlarni optimallashtirish va barqaror rivojlanish uchun qo‘shimcha resurslarni jalb qilish yo‘llarini aniqlash maqsadida Integratsiyalashgan Milliy moliyalashtirish strategiyasini (INFF) ishlab chiqdi.

2021-yil iyul oyida O‘zbekiston dunyoda ikkinchi va Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib Barqaror Rivojlanish Maqsadlari uchun suveren obligatsiyalarini chiqarish orqali BRMga sodiqligini yana bir bor namoyish etdi. Bu esa global rivojlanishni moliyalashtirishga katta hissa qo‘shdi.

BRMga erishish uchun chiqarilgan bu obligatsiyalar global investorlarning resurslarini yettita muhim yo‘nalishni rivojlantirishga yo‘naltiradi. Bular ta’lim (BRM 4), suv resurslarini boshqarish (BRM 6), sog‘liqni saqlash (BRM 3), ekologik transport (BRM 11), ifloslanishni nazorat qilish (BRM 11), tabiiy resurslarni boshqarish (BRM 15) va “yashil” energiya (BRM 7). 2022-yil oxirida e’lon qilingan BRM obligatsiyalarining taqsimoti va ta’siri to‘g‘risidagi hisobot resurslarning aniq taqsimlanishi hamda erishilgan yutuqlarga qaratilgan.

Umumiy baholash shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekiston ulkan o‘zgarishlar dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat va xususiy moliyani rivojlanishga yo‘naltirdi va rivojlanishga yo‘naltirilgan moliyalashtirishni yo‘lga qo‘ydi. BMTTD bu ishda katta yordam ko‘rsatdi. Shuning uchun men ushbu yutuqni o‘z faoliyatim davomida BRM bo‘yicha kun tartibiga quyilgan vazifalarni amalga oshirishga kiritilgan eng muhim hissa, deb atagan bo‘lardim.

— BMTTD O‘zbekistondagi ko‘plab loyihalari natijasida deyarli barcha sohalarga yordam ko‘rsatdi. Mamlakatda loyihalarni amalga oshirishda qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz? Ular tizimli edimi, agar shunday bo‘lsa, ularni bartaraf etish uchun nima qilish kerak?

— BMTTDning bugungi rivojlanish muammolarini hal qilishga yondashuvida markaziy o‘rinni kompleks, tizimli va ko‘p tarmoqli yondashuv tashkil etadi. Muammolarning o‘zaro bog‘liqligini hisobga olgan holda, javobiy choralar turli sektorlar va ishtirokchilarni ham birlashtirishi kerak. Biz BMTTDning turli sohalarda o‘zaro hamkorlik va birgalashib harakat qilish qobiliyatini katta afzallik deb bilamiz.

O‘zbekistondagi hamkorlarimizning bizga bo‘lgan ishonchini yuqori baholaymiz, bu bizga mana shunday murakkab vazifalarni hal qilish imkonini beradi. Ammo ba’zan muayyan qiyinchiliklarga ham duch kelamiz.

Siyosatning rivojlantirish vazifalariga moslashtirilganligi, shuningdek, mustahkam rivojlanish borasidagi ma’lumotlar tahlili muhim ahamiyatga ega. Ulardan birortasining yo‘qligi nomaqbul natijalarga, vaqt va resurslarni yo‘qotishga va muqobil xarajatlarga olib keladi. Bunday ulkan islohotlar dasturiga ega bo‘lgan va uni juda tez amalga oshirishga intilayotgan mamlakatda ba’zan siyosatning izchilligi va harakatlarning muvofiqlashtirilganligi e’tibordan chetda qolishi mumkin. Bu ayniqsa, “yashil” iqtisodiyot kabi tarmoqlararo mavzular uchun xavflidir.

“Yashil kun tartibi” faqat bitta vazirlik yoki idoraning emas, balki barcha sohalarning kun tartibidir. Shu sababli biz barcha vazirlik va idoralarning “yashil kun tartibi” bilan bog‘liq ishlarini birlashtiradigan va muvofiqlashtiradigan mexanizm yaratishni maslahat beramiz. Avval bu vazifani o‘z zimmasiga olgan va uni amalga oshirishda sezilarli yutuqlarga erishgan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi edi. Ma’muriy islohotlar davom etar ekan, “yashil” o‘tishning tarmoqlararo xususiyatiga ham e’tibor qaratish va “yashil” siyosat va harakatlarning zarur muvofiqligini ta’minlash muhim ahamiyatga ega.

бмттд, матильda димовска

— So‘nggi paytlarda O‘zbekiston hukumati gender tengligi va iqlim o‘zgarishi masalalariga jiddiy e’tibor bera boshladi. Mamlakatda bu boradagi ijobiy ishlarda BMT Taraqqiyot dasturi ham muhim o‘rin tutadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbekistonda ushbu global muammolar bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish jarayonlari qanday kechdi?

— O‘zbekistonning yangi taraqqiyot strategiyasida gender tengligi va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash masalasi e’tirof etilgani hamda ustuvor masala sifatida belgilanganligini ko‘rish quvonarlidir.

Gender tengligiga kelsak, dunyodagi vaziyat unchalik quvonarli emas — gender tengligiga erishish uchun hali ko‘p yo‘lni bosib o‘tish zarur, ekspertlarning fikricha, bunga “300 yil” kerak bo‘ladi.

BMTTD tomonidan yaqinda e’lon qilingan 2023-yilgi ijtimoiy gender me’yorlari indeksi (GSNI) hisobotida ta’kidlanishicha, noxolis gender ijtimoiy me’yorlari ayollarning huquq va imkoniyatlarini past baholab, ularning jamiyatdagi imkoniyatlarini cheklaydi. Global miqyosda gender tarafkashligi aholining 85 foiziga ta’sir qiladi va siyosat, ta’lim, iqtisodiyot sohalarida va jismoniy daxlsizlik masalasida keng tarqalgan.

O‘zbekistonda oila, mehnat, ta’lim va boshqaruv sohalarida gender stereotiplarining keng tarqalganligi BMTTD tomonidan o‘tgan yili o‘tkazilgan “Gender stereotiplarini umummilliy darajada baholash” tadqiqotida qayd etilgan. Bu stereotiplar mamlakatning o‘sish salohiyatiga salbiy ta’sir qiladi va ayollar imkoniyatlarini cheklaydi. Shu bois O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlashda gender stereotiplar va patriarxal qarashlarga barham berish hal qiluvchi ahamiyatga egadir.

Iqlim o‘zgarishi ham dolzarb muammo hisoblanadi, chunki O‘zbekiston uning ta’siriga nisbatan zaifdir. Sanoat, qishloq xo‘jaligi va transport sohasida uglerod miqdorini kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlar mamlakatning yuqori energiya intensivligi va iqlim o‘zgarishi tufayli suv tanqisligi kuchayib borayotganini hisobga olgan holda juda muhim ahamiyatga ega.

Biz qishloq xo‘jaligida iqlimga mos yondashuvlarni joriy etish, ekologik toza energiya va transportni rag‘batlantirish, energiya tejamkor uy-joylar qurish va hokazolarga e’tibor qaratamiz. Biz hukumatning ushbu muhim masalalarga samimiy ravishda va alohida e’tibor qaratayotganligi hamda BMTTDni ushbu sa’y-harakatlarda hamkor sifatida ko‘rib chiqayotganini yuqori baholaymiz.

— “Umidani chaqiring” loyihasi haqida gapirib bersangiz. Ushbu loyihaning samaradorligini qanday baholaysiz? Bu qanday o‘zgarishlarga olib keldi va qanday o‘zgarishlarni rag‘batlantirishi kerak?

— Menimcha, ushbu tashabbusning samaradorligini baholashga hali erta. Chunki uning keng ta’siri, o‘zgarishlar bilan aloqasi jihatlari hali baholanmagan. Ammo biz ko‘cha ta’qibi keng muhokama mavzusiga aylanganini va qizlar hamda ayollarning huquqlari va his-tuyg‘ulariga e’tiborni qaratilayotgani, shuningdek, bu nomaqbul xatti-harakat ekanligi e’tirof etilayotganligini ko‘rib turibmiz. Bularning barchasi mazkur tashabbusning ijobiy natijalaridir. U ko‘cha ta’qibiga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirishga tayyor odamlar va kompaniyalar mavjudligini ko‘rsatdi. Agar bu mentalitetning o‘zgarishiga ta’sir qila boshlagan bo‘lsa, buni muvaffaqiyat deb hisoblash mumkin.

Qolaversa, ushbu eksperimental tashabbus amalga oshirilgan o‘tgan yil davomida jinsiy zo‘ravonlik, jumladan, ko‘cha ta’qibi ma’muriy huquqbuzarlik sifatida tan olinishi bo‘yicha muvaffaqiyatga erishildi.

Bundan tashqari, ushbu tashabbus xususiy sektor vakillarining ixtiyoriy hamkorlikda birlashishi va ayollarni ko‘chada ta’qib qilish kabi murakkab ijtimoiy muammolarga yechim topishga hissa qo‘shish imkonini yaratdi. Bu korporativ ijtimoiy mas’uliyat o‘sishining ijobiy tendensiyasidan dalolat beradi. Ijobiy javoban harakatlar bizni hayratda qoldirdi va yaqinda “Umidani chaqiring” tashabbusining yanada rivojlanishiga bo‘lgan umidlarimizni muhokama qilish uchun mo‘ljallangan blogimizni e’lon qildik. Biz bu rivojlanish haqiqatda sodir bo‘lishiga umidimizni yo‘qotmaymiz.

— BMTTD O‘zbekistondagi kelgusi faoliyatida qaysi yo‘nalishlarni ustuvor deb hisoblaydi? Umuman, sizningcha, O‘zbekiston hukumati qaysi masalalarga ko‘proq e’tibor qaratishi kerak?

— Yo‘nalishlar o‘zgarishsiz qoladi. BMTTD O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi va “yashil”, adolatli va yanada kompleks iqtisodiy o‘sish yo‘lini ilgari surishga yordam beradi. Biz ilm-fan, bilim, texnologiya va imkoniyatlarni, ularni tanlash va rivojlanish imkoniyatlariga aylantira oladiganlarga yaqinlashtirishimiz mumkin. Bu bilan biz hamma uchun, ayniqsa, yosh ayollar va erkaklarga yangi imkoniyatlar ochishga intilamiz.

Umuman olganda, global maqsadlardan kelib chiqqan holda, BMTTD BMT tizimining bir qismi sifatida O‘zbekiston bilan birgalikda hamma uchun yanada yashil, yanada sog‘lom va barqaror kelajakni yaratish ustida ish olib boradi. Istiqbollar va aniq vazifalar haqida gapiradigan bo‘lsak, menimcha, mamlakatdagi rivojlanish ahvoli va dinamikasiga mos keladigan va umuman e’tiborga loyiq bir qancha muhim masalalar mavjud:

  • Yangi milliy ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksi va xizmatlar ko‘rsatishning integratsiyalashgan modellaridan foydalangan holda kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy himoya va bandlik siyosatini birlashtirish.
  • Korrupsiyaga qarshi islohotlar va zaif hududlarda davlat xizmatlarini modernizatsiya qilish orqali ijtimoiy shartnomani mustahkamlash va jamiyatning barqarorligini oshirish.
  • “Yashil Makon”, Orolbo‘yi mintaqasi uchun integratsiyalashgan “yo‘l xaritasi” kabi tashabbuslarni tizimli amalga oshirish bilan birga institutlar va ularning rollarini birlashtirish orqali iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit деграdaциясиga qarshi harakatni jadallashtirish. Shuningdek, umid qilamanki, O‘zbekiston hech bo‘lmaganda mintaqaviy miqyosda iqlim o‘zgarishi bilan kurash harakatlari bo‘yicha yetakchiga aylanadi.
  • Gender masalasiga kelsak, gender tengligini ta’minlovchi qonunlar, davlat chora-tadbirlari va institutlari hamjihatlikda ish olib borishi zarur. O‘zbekistonda ayollarning faoliyat yuritishi, rivojlanishi va gullab-yashnashiga imkon beruvchi kuchli va samarali siyosat, qonunlar va institutlar amalda bo‘lishi uchun esa qo‘shimcha sa’y-harakatlar kerak bo‘ladi.
  • Strategik innovatsiyalar va raqamlashtirish davlat xizmatlarini ko‘rsatish, ayollar imkoniyatlarini kengaytirish va iqlim o‘zgarishini yumshatish uchun kuchli vosita sifatida foydalanishda davom etadi.

бмттд, матильda димовска

— Siz “Gazeta.uz”ning doimiy muallifi hisoblanasiz va boshqa ommaviy axborot vositalariga ko‘plab intervyu bergansiz. Mamlakatdagi so‘z va matbuot erkinligini qanday baholaysiz? Ularning mamlakat taraqqiyotidagi ahamiyati haqida gapirib bersangiz? BMTTD OAV bo‘yicha loyihalarni amalga oshirganmi?

— Faoliyatim davomida so‘z erkinligi sohasida sezilarli olg‘a siljish bo‘ldi, lekin hali ko‘p ish qilinishi kerak. So‘z erkinligisiz demokratik jamiyat, to‘g‘ri boshqaruv va har tomonlama yuksalish mumkin emas. Ammo ko‘pincha “erkinlik” tushunchasi ostida yashiringan kamsituvchi nutq va nafrat qo‘zg‘atilishining oldini olish uchun umumqabul qilingan ba’zi qoidalar kerak.

Ochiq muloqot taraqqiyotga, korrupsiyaga qarshi kurashishga, jamoatchiliknng hukumat tashabbuslariga roziligi va ishonchini shakllantirishga xizmat qiladi, bu esa samarali boshqaruvning eng muhim shartidir.

BMTTD ommaviy axborot vositalarini xulq-atvorni ijobiy o‘zgartirish, ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, stereotiplarga qarshi kurashish va zararli ijtimoiy me’yorlarga qarshi harakatlarda kuchli vosita sifatida ko‘rib chiqmoqda. Hozirgi paytda ommaviy axborot vositalariga yo‘naltirilgan aniq loyihalarimiz bo‘lmasa-da, bizning ko‘plab tashabbuslarimiz media tarkibiy qismlarini o‘z ichiga oladi va biz ularni media hamjamiyat bilan yaqinroq hamkorlik orqali mustahkamlashga umid qilamiz.

— O‘zbekistondagi missiyangiz nihoyasiga yetmoqda. Kelajakdagi rejalaringiz haqida gapirib bera olasizmi?

— Men Mongoliyaga ko‘chib ketyapman. Bu boshqa rivojlanish sharoitlariga ega mamlakat. Mongoliya o‘zining katta va aholisi kam hududi, boy mineral resurslari va ko‘chmanchi an’analari tufayli o‘ziga xos muammolar va imkoniyatlarga duch kelmoqda.

Men hayotim va ishimdagi ushbu yangi bobni boshlashni intiqlik bilan kutayapman. Ammo sizni ishontirib aytamanki, O‘zbekiston mening qalbimda, oilamda hamisha alohida o‘rin tutadi. O‘zbekistonga yana kelaman deb umid qilaman. Yaxshiyamki, Mongoliya unchalik uzoq emas (kulib qo‘yadi).

“Gazeta.uz” muxbiri Mirolim Isajonov suhbatlashdi.