2023-yil avgust oyida O‘zbekistonda inflyatsiya 0,54 foizni tashkil etdi. Bu haqda prezident huzuridagi Statistika agentligi hisobotida ma’lumot berildi.

Agentlikka ko‘ra, oxirgi oyda oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 0,6 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,4 foizga, xizmatlar 0,7 foizga qimmatlagan. Iyun va iyul oylarida mavsumiy omilni hisobga olgan holda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining pasayishi kuzatilgandi.

Yil boshidan (yanvar-avgust oylarida) beri inflyatsiya 3,84 foizgacha pasaydi (o‘tgan oyda bu ko‘rsatkich 3,3 foizni tashkil etgan). Yillik inflyatsiya (o‘tgan yilning avgust oyiga nisbatan) 8,96 foizgacha tushdi, bu iyul oyidagiga nisbatan bir oz ko‘proq hisoblanadi (8,94 foiz), lekin baribir 2016-yil avgustidan buyon eng past ko‘rsatkichga yaqin (8,6 foiz). Yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 10,6 foizga (oxirgi besh yildagi eng past ko‘rsatkich), nooziq-ovqat mahsulotlari 7,3 foizga, xizmatlar 8,5 foizga (o‘tgan yili 7,1 foiz edi) qimmatladi.

Avgust oyida alohida mahsulotlar kesimida tuxum birdaniga 7,3 foizga (yillik hisobda 20,2 foizga), guruch va guruch oqshog‘i 1,9 foizga (48,1 foiz), suyakli mol go‘shti 1,2 foizga (13 foizga), qo‘y go‘shti 1,1 foizga (12,3 foiz), sut 0,3 foizga (18,7 foiz) qimmatladi.

Bir qator asosiy oziq-ovqat mahsulotlari arzonladi. Un narxi yana 2,2 foizga (yil davomida 8,6 foizga pasaydi), kungaboqar yog‘i 1,9 foizga (-19,1 foiz), shakar 0,4 foizga (-3,9 foiz) arzonladi.

Sabzavot va mevalar orasida o‘tgan oyda eng ko‘p oshqovoq (2,1 barobar), karam (26,7 foiz), bodring (25,9 foiz), limon (12,7 foiz), sabzi (11,8 foiz) qimmatlagan.

Pomidorning o‘rtacha narxi 32,5 foizga, baqlajon 29,9 foizga, bulg‘or qalampiri 25,3 foizga, tarvuz 16,8 foizga, piyoz 7,1 foizga, uzum 7 foizga arzonladi.

Yillik hisobda karam 81,1 foizga, sabzi 54,2 foizga, limon 23,8 foizga, bodring 22,8 foizga, uzum 6,1 foizga qimmatlagan.

Alkogolli ichimliklar 0,5 foizga (yil davomida 11,1 foizga), vino 1,3 foizga, tamaki mahsulotlari 0,7 foizga (+11,2 foizga) qimmatladi.

Avgust oyida Surxondaryo, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida sovuq suv va kanalizatsiya tariflari oshirildi. Aholining umumiy xarajatlari tarkibida mazkur hududlarning ulushini hisobga olgan holda bu xizmatlarni iste’mol qilish bo‘yicha inflyatsiya oy davomida o‘rtacha 15,6 foizni tashkil etdi.

Avgust oyida ham avvalgi oy kabi benzin narxi barcha hududlarda 3,1−6,6 foiz oralig‘ida, mamlakat bo‘ylab o‘rtacha 4,2 foizga (iyulda 2 foizga oshgandi) oshdi. Gaz yoqilg‘isi narxi 3 foizga, shu jumladan propan narxi 5,2 foizga, metan narxi 2,4 foizga oshdi.

Temir yo‘lda yo‘lovchi tashish 0,6 foizga qimmatladi.

Alohida kanselyariya tovarlari, kitoblar va gullar maktab boshlanishi arafasida 0,2−1,9 foizga arzonladi. Lekin daftar va hujjatlar uchun muqovalar o‘rtacha 2,4 foizga, maktab sumkalari, jumladan, portfellar va ryukzaklar 1,7 foizga qimmatladi.

Avgust oyida bir qator hududlarda umumiy ovqatlanish xizmatlari narxi o‘rtacha 0,3 foizdan 5,3 foizgacha orqaliqda qimmatladi. Dafn marosimi xizmatlari narxi birdaniga 4,4 foizga oshdi.

Palov indeksi (oziq-ovqat narxlari qanday o‘zgarishini tushunishga yordam beradigan bigmak va olive indeksining analogi) deyarli o‘zgarmadi. Bir porsiya palov narxi Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida 2,4 foizga, Farg‘onada 1,7 foizga oshdi, qolgan viloyatlarda narxlar o‘zgarmadi.