O‘zbekiston hukumati va Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni (TXI) jalb etish va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish maqsadida mamlakatning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha bitim tuzildi. Bu haqda korporatsiya matbuot xizmati xabar berdi.

Yaponiya hukumati bilan hamkorlikda IFC O‘zbekiston hukumatiga bozorga chiqish qoidalarini aniq belgilaydigan, xorijiy investorlar va ularning investitsiyalariga teng munosabatda bo‘lishni ta’minlaydigan, investorlarga nizolarni hal qilishning xalqaro mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatini beradigan va faqat tashqi iqtisodiy va xususiy investitsiyalarga yo‘naltirilgan yangi investitsiya qonunchiligini tayyorlashda yordam beradi.

Bundan tashqari, IFC hukumatga maxsus iqtisodiy zonalarni yaratish va ulardan foydalanishda xususiy sektor ishtirokini ta’minlaydigan me’yoriy hujjatlarni amalga oshirishga yordam beradi hamda tegishli texnik-iqtisodiy asoslar hamda atrof-muhit va barqarorlik tahlili asosida joy tanlashni ta’minlaydi. Amaldagi qoidalar hududlarni davlat tomonidan boshqarishni nazarda tutadi, bu esa xususiy sektor ishtirokini cheklaydi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini to‘xtatadi.

“Ushbu islohotlar mamlakat salohiyatini ro‘yobga chiqarish va hukumatning iqtisodiy o‘zgarish va barqaror iqtisodiy o‘sish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash uchun investitsiya kapitali, ilg‘or yechimlar va texnologiyalarni taklif qilishga tayyor bo‘lgan xalqaro investorlarni jalb qilishning kalitidir”, — dedi IFCning Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo, Turkiya, Pokiston va Afg‘onistonda bozorlarni yaratish bo‘yicha konsalting bo‘limi menejeri vazifasini bajaruvchi Vim Dou.

Jahon banki guruhining a’zosi IFC rivojlanayotgan bozorlarda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan eng yirik global rivojlanish institutidir. 1-avgust holatiga ko‘ra, IFCning O‘zbekistondagi investitsiya majburiyatlari portfeli 500 million dollarni tashkil etgan.