O‘zbekiston fuqarolari jamg‘arib boriladigan ixtiyoriy pensiya badallari hisobidan mahalliy fond bozorida qimmatli qog‘ozlarni sotib olishlari mumkin bo‘ladi. Bu prezidentning 2-sentabrdagi “Kapital bozorini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (PQ-291) qarorida nazarda tutilgan, deya xabar berdi Adliya vazirligi “Gazeta.uz”ga.

Hujjatga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga ushbu imkoniyatni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritishi lozim. Bunda fuqarolar pensiya yoshiga qadar ham qimmatli qog‘ozlarni sotish va sotib olishdan hamda dividendlar (foizlar) ko‘rinishidagi qo‘shimcha daromadlarni mustaqil ravishda tasarruf etishlari mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, hujjat korxona tomonidan joriy etilgan ESOP dasturi (xodimlarga kompaniya faoliyatda ishtirok etishini ta’minlaydigan mukofotlantirish shakli) doirasida qimmatli qog‘ozlar ommaviy taklif qilingan taqdirda, korxona xodimlariga aksiyalarni sotib olishda ustuvor huquq berish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, ularning oylik ish haqi va ularga muqobil to‘lovlar miqdoridan oshmaydigan, aksiyalarni sotib olishga yo‘naltirilgan mablag‘lari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Bundan tashqari, prezidentning 2022-yil 17-yanvardagi “Kapital bozorini qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-90-son qarorida nazarda tutilgan imtiyozlarni 2028-yil 31-dekabrgacha (hozir 2024-yil 31-dekabrgacha) uzaytirish ko‘zda tutilgan.

Xususan, ushbu sanaga qadar:

  • jismoniy shaxslar — rezidentlar va norezidentlarning aksiyalari bo‘yicha dividendlar shaklida hisoblangan daromadlar daromad solig‘idan ozod qilinadi;
  • norezident yuridik shaxslarning aksiyalari bo‘yicha dividendlar shaklida hisoblangan daromadlar bo‘yicha rezident yuridik shaxslarga o‘xshash tarzda 5 foizlik daromad solig‘i stavkasi qo‘llaniladi;
  • jismoniy va yuridik shaxslar — rezidentlar va norezidentlarning tadbirkorlik subyektlari obligatsiyalari bo‘yicha hisoblangan foizlar ko‘rinishidagi daromadlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va yuridik shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Shuningdek, soliq to‘lovchining soliq davrida mahalliy fond bozoriga chiqarilgan qimmatli qog‘ozlarni sotib olish uchun yo‘naltirilgan, umumiy qiymati eng kam ish haqining 100 baravarigacha (98 mln so‘m) bo‘lgan ish haqi va boshqa daromadlarini jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilish rejalashtirilmoqda. Bunda qimmatbaho qog‘ozlarni 12 oygacha qaytarib olmaslik sharti qo‘yiladi.

2023-yil 1-oktabrdan davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalarning aksiyalari fond bozorida ommaviy taklif qilish orqali joylashtirilgandan so‘ng kamida 7 yil davomida mazkur korxonalar sof foydasining kamida 30 foizi dividend to‘lashga yo‘naltiriladi.

Davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalarga xizmat ko‘rsatuvchi anderrayterlarning xizmat haqi qimmatli qog‘ozlar rejalashtirilganga nisbatan qimmatroq va (yoki) ko‘proq joylashtirilganligi natijasida shartnomada kelishilgan miqdordan oshgan hollarda, shartnoma boshlang‘ich narxini 10 foizdan ortiqqa oshirmaslik to‘g‘risidagi cheklov bekor qilinadi.

2023-yil 1-dekabrdan Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga (kapital bozorini tartibga soluvchi organ) qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida ko‘zda tutilgan ma’lumot va hisobotlarni bir yil davomida ikki yoki undan ko‘proq marotaba e’lon qilmaganlik uchun emitentning ijro etuvchi organini o‘zgartirish va qimmatli qog‘ozlarni chiqarishni to‘xtatish masalalarini ko‘rib chiqish huquqi beriladi.

Hujjatda qayd etilganidek, ushbu chora-tadbirlar minoritar aksiyadorlar va investorlarning huquqlarini himoya qilish, ularning kapital bozoridagi ishtirokini rag‘batlantirishga qaratilgan.

Bundan tashqari, qimmatli qog‘ozlar fond birjasi listingiga kiritilmagan aksiyadorlik jamiyatlarining rasmiy veb-sayti bo‘lishi haqidagi majburiy talab bekor qilinadi, bundan davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari mustasno.

Avvalroq kriptosiyosat uchun mas’ul bo‘lgan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kapital bozorida tartibga soluvchi organga aylangani, ushbu sohada regulyator bo‘lgan Iqtisodiyot va moliya vazirligidan vazifalar, funksiya va vakolatlarini o‘z zimmasiga olgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” DUK “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” AJga o‘zgartiriladi va uning ustav kapitalidagi davlat aksiyalari paketi Markaziy bankka o‘tkaziladi. Moliyachi Otabek Bakirov bu qonunga zid bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.