31-avgust — 2-sentabr kunlar Navoiy viloyatidagi To‘dako‘l yaqinida joylashgan Qizilqum cho‘llarida (Navoiyga nisbatan Buxoroga yaqin maskan) “Stixiya” elektron musiqa festivali bo‘lib o‘tdi.

“Stixiya” 2017-yilda O‘zbekiston tomonidan tashkil etilgan va Orolbo‘yidagi ekologik ofat haqida aholining xabardorligini oshirish va hududni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida yaratilgan festival hisoblanadi. Birinchi tadbir 2018-yilda bo‘lib o‘tgan.

Bu yilgi festivalda chiqindilarni noto‘g‘ri joylarga tashlash bilan bog‘liq ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ekologik madaniyatni oshirishga ham alohida e’tibor qaratildi. “Gazeta.uz” muxbiri Shohruh Haydarov Ekologiya vazirligi tomonidan tashkil etilgan press-turda bo‘lib, tadbirning diqqatga sazovor voqealarini suratlarga muhrladi.

qizilqum, stixiya, to‘dako‘l

Festival bosh prodyuseri Otabek Sulaymonov tadbir o‘tkaziladigan manzil o‘zgargani haqida gapirarkan, cho‘l, dasht joy “Stixiya"ni o‘tkazish uchun eng ma’qul variant bo‘lganini aytdi. Qolaversa, u festival Mo‘ynoqda yana o‘tkazilishi yoki yo‘qligiga ham to‘xtalib o‘tdi.

““Stixiya” elektron musiqa va san’at festivali bu yil beshinchi marta o‘tkazilmoqda. Festivalning bu gal Qizilqum cho‘llarida o‘tkazilishining asosiy sababi ichki turizmni rivojlantirishdir. 3−4 oy butun O‘zbekistonni aylanib, o‘g‘lim bilan To‘dakulga dam olish uchun kelganimda shu joyni tanlagandim. Cho‘l, dasht joy “Stixiya"ni o‘tkazish uchun eng ma’qul variant. Uning lokatsiyasi o‘zgargani bilan Mo‘ynoq chetda qolib ketmadi, u yerga biz 2024-yilda yana qaytamiz. Chunki “Stixiya” Mo‘ynoqda tug‘ilgan, uning “propiska"si Mo‘ynoqda”, — dedi Otabek Sulaymonov.

qizilqum, stixiya, to‘dako‘l
Otabek Sulaymonov.

Festivalning 50 foizini o‘zbekistonlik ishtirokchilar tashkil etsa, qolgani Qozog‘iston, Rossiya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Hindiston va boshqa mamlakatlardan kelgan mehmonlardir. Tadbir boshlangunga qadar 2000 mingga yaqin bilet sotilgan, undan so‘ng ham qatnashish istagini bildirganlar kelishda davom etdi.

Tadbir maydonida qayta ishlangan, eski kiyimlardan tayyorlangan yangi kiyimlar va suvenirlar sotuv-ko‘rgazmalari namoyish etildi. Shuningdek, ekologik madaniyatni targ‘ib qiluvchi, ijtimoiy muammolarga qaratilgan qator installyatsiyalar o‘rnatildi. Misol uchun, yolg‘iz astronavt. Uning atrofida “galaktika” hosil qilindi. Yolg‘iz turgan odam ham bor, bu esa tadbirning asosiy ramzi. U yakunda Burning Man festivalida bo‘lganidek yoqib yuborildi.

Hududda sun’iy bog‘ ham bor, bu orqali tabiatning uyg‘onishiga e’tibor qaratildi. “Suv masalasi bizda eng muhimlaridan biri. Shuning uchun ham bog‘ paydo bo‘lgan joyga metafora sifatida qarash kerak, cho‘lda bog‘ tug‘ilsa, ana o‘sha bizning maqsadimiz”, — dedi Otabek Sulaymonov.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, Safo guruhi rahbari Toir Qo‘ziyevning ta’kidlashicha, festivalni o‘tkazish uchun yaxshi joy tanlangan, yoshlar va ijodkorlar uchun ham ekstrim hudud. Bunday amaliyot jahon festivallarida ko‘p uchraydi.

qizilqum, stixiya, to‘dako‘l

Toir Qo‘ziyev.

““Stixiya"da biz uchinchi marta qatnashyapmiz. Unda nafaqat elektron musiqa ijodkorlari, balki to‘quvchilar, hunarmandlar ham o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Bunday tadbirlar ko‘p bo‘lishi, yoshlarni ko‘proq jalb qilish kerak. Biz Alen ismli elektron musiqachi yigit bilan eksperiment qildik. Ya’ni milliy ohang elektron musiqa bilan uyg‘unlashadi va tabiatimizga, iqlimimizga mos bo‘lgan ohanglar yangraydi”, — dedi Toir Qo‘ziyev.

“O‘rikguli” nomi ostida ijod qiluvchi ekobloger Mo‘tabar Xushvaqtova bunday festivalllar juda ko‘p bo‘lishi kerak, deya hisoblaydi. Chunki bu haqda xalqaro tashkilotlar, OAV yozadi, bu esa turistik salohiyatni oshiradi, mahalliy artistlar (musiqachilar, rassomlar, haykaltaroshlar)ning ko‘rgazmasini o‘tkazishi uchun qulay maydon yaratiladi.

“Festivalning asosiy maqsadlaridan biri ekologik muammolarga e’tibor qaratishdir, aslida. Bu yil chiqindilarni saralashga, hamma joyda ekologik eslatmalar bo‘lishiga harakat qilyapmiz. Shuningdek, 3 ta installyatsiyamiz — temirdan qilingan daraxtlar bor. Majnuntol shoxlariga qattiq chiqindilar ilinadi, chinor shoxlariga paket va nam sochiqlar bog‘lanadi, terakka esa baklajkalar osiladi. Shu orqali festival yakunida qancha chiqindi chiqarayotganingizning masshtabini ko‘rasiz”, — dedi ekobloger.

qizilqum, stixiya, to‘dako‘l

Mo‘tabar Xushvaqtova.

Uning aytishicha, odamlarni chiqindi saralashga undash juda qiyin. Hattoki, tortishib qolayotgan paytlari ham bo‘lyapti. Biroq, asosiysi, bu bosqich boshlandi, deydi u va zanjir reaksiyasi orqali bir-biridan eshitib bo‘lsa ham qanchadir foiz odamlar chiqindini saralashiga ishonishini bildirdi.

“Saralangandan keyin, baribir, hammasini bitta mashinada olib ketishadimi, deb so‘rashyapti. Yo‘q, biz mahalliy ishchilar bilan birga qilyapmiz. Ular chiqindilarni olib ketganidan so‘ng u yerda yana saralashadi va 4 ta chiqindi — alyuminiy, plastik, organik va qog‘ozga ajratishadi. Qog‘ozni sotishadi, organikani hayvonlarga beramiz, agar bo‘lmasa, chuqur qazib, ko‘mamiz. Barchasi o‘ylangan, umid qilamanki, 40 foiz bo‘lsa ham natijaga erishamiz”, — dedi Mo‘'tabar Xushvaqtova.

Tanqidlarga javob

Festival boshlanishidan bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab tanqidiy fikrlar bildirildi. Buning ortidan viloyat hokimligi munosabat bildirib, mentalitetga xos bo‘lmagan har qanday tadbirga qarshi ekanini ma’lum qildi. “Ma'naviyatimizga zid bo‘lgan holatlarga yo‘l qo‘yilmasligi bo‘yicha kafolat xatlari olingan”, — deyiladi unda.

Festival tashkilotchisi esa bunga o‘zining munosbatini bildirib o‘tdi.

“Tarmoqlarda bizni xeyt qilayotganlarga shuni aytmoqchimanki, bizning asosiy maqsad — Yangi O‘zbekiston brendini butun dunyoga ko‘rsatish, o‘zbek DJ`larini, elektron musiqa kompozitorlarini rivojlantirib, katta-katta festivallarga tayyorlash, yuborish va boshqalar. Maqsadlarimiz ko‘p, lekin missiyamiz bitta. U Mo‘ynoq shahrini rivojlantirish, biroq bu yilgisi ekspriment sifatida o‘tkazilmoqda”, — dedi festival bosh prodyuseri Otabek Sulaymonov.

qizilqum, stixiya, to‘dako‘l

Ekobloger Mo‘tabar Xushvaqtovaning ta’kidlashicha, tadbir hordiq chiqarish uchun qilinayotganini to‘g‘ri qabul qilish kerak, odamlar bir yillik ishdagi charchoqlarini shu yerda chiqarib oladi. Lekin ekologik eslatmalarni ko‘p joyda ko‘rishsa, bu ularning onggida 25-kadr bo‘lib qoladi va albatta o‘zining foydasini amalda ko‘rsatadi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Toir Qo‘ziyev 2 kishining qilig‘i butun festivalni yomonga chiqarishi kerakmasligini, bu yerda musiqa va madaniyat almashinuvi bo‘layotganini qayd etdi. Tashkilotchilar ham bunday holatlarga e’tiborliroq bo‘lishi, ishtirokchilarda ham me’yor bo‘lishi kerakligi haqida gapirdi.

“Hamma narsani o‘zining chegarasi bor. Gap festivalning yomon-yaxshiligida emas, menimcha, odamlarning yaxshi-yomoni bo‘ladi. 50−100 kishining ichidagi 2 odamning qilig‘i butun festivalni yomonga chiqarishi kerak emas. Bu yerda tashkilotchilar ham bunday holatlarga e’tiborliroq bo‘lishi kerak, ishtirokchilarda ham me’yor bo‘lishi kerak. To‘g‘ri, chetdan biz g‘arbdan o‘zimizga zid bo‘lgan madaniyatni olayotgandek ko‘rinishimiz mumkin, lekin unday emas. Shuning ichidan o‘zimizga keraklisini olamiz. Festivalni umuman yo‘qqa chiqarish o‘sib kelayotgan daraxtni kesish bilan teng, undagi qurib qolgan, yomon shoxini kesib tashlash, ya’ni noto‘g‘ri joyini olib tashlash mumkin”, — dedi u.

“Tadbirga juda katta miqdorda pul ajratilgan. Taxminiy aytsam, bu pulga 3−4 ta Tahoe avtomashinasidan sotib olsa bo‘ladi. Barchasi homiylar, sotib olingan biletlar hisobiga o‘tkazilmoqda. Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov ham festivalning birinchi kunidanoq yordamini ayamayapti. Davlat yordam bermaganida yoshlar uchun bunaqangi festival o‘tkazishni tasavvur qilib bo‘lmasdi”, — dedi festival bosh prodyuseri.

Ma’lumot uchun, avvalroq Navoiy viloyati hokimligi mazkur festival uchun mahalliy budjetdan mablag‘ sarflanmagani, barcha xarajatlar tashkilotchi tomonidan qoplanganini bildirgandi.

qizilqum, stixiya, to‘dako‘l

qizilqum, stixiya, to‘dako‘l

qizilqum, stixiya, to‘dako‘l

qizilqum, stixiya, to‘dako‘l