Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 28-maktab direktori Umida Tursunova maktab o‘qituvchilaridan birining turmush o‘rtog‘i tomonidan kaltaklandi.

Bir kun avval ijtimoiy tarmoqlarda kaltaklangan ayolning surati va uning singlisi qilgan videomurojaat tarqaldi. Unda Tursunova reanimatsiyada ekani ma’lum qilingandi.

Viloyat prokuraturasi o‘qituvchi D.K.ning turmush o‘rtog‘i Y.M. direktorni “dars soatlarini asossiz ravishda kamaytirigani” uchun kaltaklab, badaniga yengil shikast yetkazgani haqida xabar berdi. Keyinroq prokuratura xabaridan “yengil” jumlasi olib tashlandi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi (Qasddan badanga shikast yetkazish) 2-qismi va 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Gumon qilinuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan. Jinoyat ishining tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan”, — deyiladi xabarda.

Viloyat hokimligi Umida Tursunova bilan sodir bo‘lgan voqeadan chuqur afsusda ekanini bildirdi. 31-avgust kuni kechqurun direktor yotgan shifoxonaga viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov tashrif buyurdi.

Jabrlanuvchiga bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, boshning peshana tepa ensa sohasi ko‘plab ezilib yirtilgan jarohatlari, ikkala ko‘z yuqori va pastki qovoqlarga qontalashish tashxisi qo‘yilgan.

Ayolning ahvoli barqaror. Uning tuman tibbiyot birlashmasidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

“Viloyat hokimi Tursunovaga shikast yetkazgan aybdorning qonunga muvofiq javobgarlikka tortilishini hamda uning to‘laqonli davolanishini o‘z nazoratiga olganini bildirdi”, — deyiladi xabarda.

Iyul oyi oxirida Sariosiyo tumanida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Umida Tursunova va Ulug‘bek Qosimov o‘rtasida janjal kelib chiqqandi. O‘z vazifasini bajara olmagani uchun ishdan bo‘shatilgani aytilgan direktor unga qarshi til biriktirilganini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng uning yoniga ichki ishlar organi xodimi kelib, uni zaldan olib chiqib ketgan. U binodan chiqar ekan: “Hayf sizday viloyat hokimiga”, — deydi.

Shu kuni sud tomonidan ayolga “mayda bezorilik” va “ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik” moddalari bo‘yicha 10 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Surxondaryo viloyat sudining apellyatsiya instansiyasi qarorni o‘zgarishsiz qoldirgan. Yetti kundan keyin Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalar hay’ati hibsga olish muddatini 7 sutkaga qisqartirgan.