Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev mamlakatda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha umumxalq referendumi o‘tkazish taklifini bildirdi. U bu haqda 1-sentabr kuni xalqqa an’anaviy murojaatnomasi davomida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar keyinroq aniq muddatlar to‘g‘risida qaror qabul qilishadi.

“Men o‘zimning 2019-yilgi saylovoldi dasturimda o‘ta muhim strategik muammolar bo‘yicha qarorlar referendumlar orqali qabul qilinishini va’da bergandim. AES qurish yoki bundan voz kechish — mamlakatimiz kelajagi bilan bog‘liq bo‘lgan o‘ta muhim masaladir. Shuning uchun uni umumxalq referendumiga olib chiqishni taklif qilaman”, — dedi u.

Tosayev respublikada AES qurishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida turli xil fikrlar mavjudligini ta’kidladi.

“Bir tomondan dunyodagi eng yirik uran ishlab chiqaruvchi sifatida Qozog‘iston o‘zining shaxsiy atom generatsiyasiga ega bo‘lishi kerak. Ba’zi ekspertlar kichik reaktorli stansiyalar qurish tarafdori ekanligini bildirmoqda. Boshqa tomondan esa ko‘plab fuqarolar va bir qator mutaxassislar atom stansiyalari xavfsizligidan xavotirlanishmoqda. Semipalatinsk yadroviy poligonining fojiali merosini hisobga olsak, bu ham tushunarli”, — dedi u.

Prezident bu borada jamoatchilik muhokamalarini davom ettirish va mazkur masalani keng muhokama qilish zarurligini qayd etdi.

Toqayev yaqin besh yil ichida kamida 14 GVtlik yangi energiya quvvatlari ishga tushirilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Joriy yilda “Ekibastuz GREC-1”ning birinchi bloki rekonstruksiyasi yakuniga yetishi kutilmoqda. Stansiyada jami 8ta blok ishga tushiriladi, bu ilgari hech qachon bo‘lmagan. “GRES-2”ni kengaytirish bo‘yicha loyiha amalga oshirilyapti, “GRES-3”ni qurish loyihasi boshlanyapti.

“Qozog‘iston elektr energiyasini import qilmasligi, qo‘shni davlatlarga qaram bo‘lmasligi kerak. Hozirda sodir bo‘layotgan holatga barcha nuqtai nazardan, birinchi navbatda davlat xavfsizligi nuqtai nazaridan yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, — deya ta’kidladi u.

Ta’kidlash joiz, Qog‘oziston energetika vazirining o‘rinbosari Jandos Nurmaganbetov AES masalasi referendumga qo‘yilmasligiga ishonch bilan aytgandi.

Toqayevning murojaatnomasidan so‘ng Energetika vazirligi rahbari Almasadam Satkaliyev aniqlik kiritishicha, AES bo‘yicha xalq ovozi talab etilmaydi, biroq davlat rahbari mazkur loyihani umumxalq ovozi bilan hal etishga qaror qilgan.

Avgustda Qozog‘iston Energetika vazirligi AES quriladigan joy haqida ma’lumot bergandi. Unga ko‘ra, hudud stansiya Olmaota viloyati Jambil tumani Ulken qishlog‘i Balxash ko‘li qirg‘og‘ida joylashgan. AES Bishkekdan 250 km, Toshkentdan esa — 800 kmcha uzoqlikda qurilishi rejalashtirilmoqda.

Loyihani amalga oshirish uchun quyidagi pudratchilardan birini tanlash tavsiya etiladi:

  • Xitoyning HPR-1000 reaktoriga ega CNNC kompaniyasi;
  • Koreyaning APR-1400 reaktoriga ega KHNP kompaniyasi;
  • Rossiyaning VVER-1200 va VVER-1000 reaktorlariga ega “Rosatom” kompaniyasi;
  • Fransiyaning EPR-1200 reaktoriga ega EDF kompaniyasi.