Federal qidiruv byurosi (FQB) ISHIDga aloqadorlikda gumon qilingan shaxs yordamida Meksika orqali AQShga kirgan o‘ndan ortiq o‘zbekistonlik muhojirlar ishini o‘rganmoqda, deb xabar berdi CNN.

Joriy yilning boshida bir guruh o‘zbekistonlik muhojirlar AQSh janubiy chegarasida boshpana so‘rab murojaat qilgan, deyiladi CNN ma’lumotida. Ichki xavfsizlik vazirligi tekshiruvida biron-bir xavotirli ma’lumot aniqlanmagan, shuning uchun ular immigratsiya sudi yig‘ilishidan oldin qo‘yib yuborilgan.

FQB chet el fuqarolarining AQShga kirishiga yordam bergan kontrabandachilar tarmog‘i mavjudligini keyinroq payqagan, deyiladi materialda. Bu tarmoqda esa ISHID bilan aloqadorlikda gumon qilingan kamida bir kishi bo‘lgan.

“Hozircha kimnidir hibsga olishni talab qiluvchi hech qanday dalil bo‘lmasa-da, epizod shu qadar xavotirli ediki, prezident Jo Bayden kabinetining yuqori lavozimli mulozimlariga shoshilinch maxfiy razvedka hisoboti yuborildi. Bu AQShning terrorchilar janubiy chegara orqali mamlakatga kirib, boshpana so‘ragan muhojirlar oqimi orasida yashirincha kira olishida „nihoyatda zaif“ ekanini ko‘rsatadi”, — deb yozadi CNN.

FQB kontrabandachi haqida ma’lumotga ega bo‘lgach, butun mamlakat bo‘ylab byuro agentlari “migrantlarni qidirishga va ularning kelib chiqishini aniqlashga shoshildi”, — deydi CNN. Federal qidiruv byurosi Turkiya rasmiylari bilan ham bog‘langan, ular erkak va bu tarmoqning boshqa a’zolarini hibsga olgan.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, AQSh razvedka idoralari kontrabandachini terrorchi guruh a’zosi emas, balki tashkilotga shaxsiy xayrixohligi bo‘lgan “mustaqil pudratchi” bo‘lgan deb hisoblamoqda. Razvedka xodimlari uning ISHID ko‘rsatmasi bilan muhojirlarga yordam berganini “ehtimoldan yiroq” deb topdi. “Ularning ko‘pchiligi AQShga yaxshiroq hayot ilinjida keladi, deb hisoblanadi”, — deyiladi materialda.

Turkiyaning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibining CNN telekanaliga aytishicha, turk razvedka idoralari kontrabanda guruhining to‘rt nafar a’zosini qo‘lga olgan. Ular Turkiyada yashovchi O‘zbekiston, Rossiya va Gruziya fuqarolarining AQShga kirishiga yordam bergan.

FQB ushbu tarmoq orqali AQShga kirgan barcha muhojirlarni hali aniqlab bo‘lganicha yo‘q va kamida 15 nafar O‘zbekistondan kelgan muhojirni qidirib topishga harakat qilmoqda. O‘shanda jami 120 ga yaqin o‘zbekistonlik chegarani kesib o‘tgan, deb xabar beradi Reuters. Byuro ularni “potensial jinoiy tahdidlar” manbalari sifatida ko‘radi, deb ta’kidlaydi CNN.

CNN bilan gaplashgan ayrim huquq-tartibot idoralari va razvedka xodimlari “[AQShda] qochqinlarning asosiy manbai bo‘lmagan mintaqa — Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar sonining g‘ayrioddiy ko‘payishi AQSh chegara xizmatlari tomonidan qo‘shimcha tekshiruvlarga sabab bo‘lmaganidan” xavotir bildirdi.

2022 moliya yilida AQSh bojxona va chegara qo‘riqlash xizmati chegarada 3200 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosini aniqlagan. 2022-yilning oktabridan 2023-yilning iyuliga qadar AQSh-Meksika chegarasini kesib o‘tgan 2 millionga yaqin muhojirdan 216 nafari terrorizmga aloqadorligi borligi uchun AQSh kuzatuv ro‘yxatiga kiritilgan.