“O‘zsuvta’minot”, “O‘zog‘irsanoatloyiha” va “ToshuyjoyLITI” AJlari aksiyalarini boshqarish vakolati Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga o‘tkazildi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov ma’lum qildi.

Shu yilning 28-avgustida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” farmoni qabul qilindi.

Mazkur farmon bilan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi faoliyatining 8 ta ustuvor yo‘nalishi belgilab berildi. Shuningdek. Vazirlik tizimidagi tashkilotlarni qayta tashkil qilish dasturi ham tasdiqlandi. Unga ko‘ra, Qurilish vazirligi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasmi va Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligini rivojlantirish jamg‘armasi birlashtirilib, yagona jamg‘armaga aylantirildi.

Vazirlik muassisligidagi 5 ta davlat unitar korxonalari va 1 ta mas’uliyati cheklangan jamiyati qayta tashkil etilib, davlat muassasalariga aylantirildi hamda faoliyatiga oid asosiy tartib-taomillar belgilab berildi. Shuningdek, vazirlik huzuridagi markaz va ilmiy-tadqiqot instituti nomlari o‘zgartirildi va faoliyat yo‘nalishi tasdiqlandi.

“O‘zsuvta’minot”, “O‘zog‘irsanoatloyiha” va “ToshuyjoyLITI” aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyalarini boshqarish vakolati vazirlikka o‘tkazilib, vertikal boshqaruv va hisobdorlik tizimi yaratildi.

Vazirlik huzuridagi “Ko‘p xonadonli uylarni mukammal va joriy ta’mirlash hamda issiqlik ta’minoti obyektlari qurilishi bo‘yicha” injiniring kompaniyasi tugatilib, uning o‘rniga hokimliklar huzuridagi “Ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash” injiniring kompaniyalari va hududiy boshqarmalar huzurida “Issiqlik ta’minoti obyektlari bo‘yicha injiniring kompaniyalari” tashkil etildi.

Vazirlik huzurida aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha buyurtmachi funksiyasini bajaradigan hamda Davlat shaharsozlik kadastrini va Shaharsozlik geoaxborot tizimini yuritadigan Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish Respublika markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Shuningdek, arxitektura, qurilish, muhandislik va kommunal xo‘jaligi sohalarida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda ularni baholash bo‘yicha ixtisoslashgan davlat oliy ta’lim muassasasi ya’ni, Kompetensiyani rivojlantirish instituti tashkil etilmoqda.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi shaharsozlik faoliyati subyektlari tomonidan aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat arxitektura nazoratini amalga oshirishga mas’ul etib belgilandi.

Vazirlik huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi obyektlarda qurilish-montaj ishlarining sifati va loyiha hujjatlariga muvofiqligini nazorat qilish bilan qatorda ko‘p kvartirali uy-joy fondidan va ichimlik suvdan foydalanish yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish uchun mas’ul etib belgilandi. Endilikda hududiy inspeksiyalarning xodimlari soni nazoratga olinadigan obyektlarning soniga qarab belgilanadi.

Qurilish faoliyati subyektlarining majburiy tartibdagi nazorat tadbirlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining “Qurilishda davlat nazorati” elektron platformasida amalga oshiriladi.

Hududiy inspeksiyalar faoliyatini tashkil etish, nazorat qilish va ularga umumiy rahbarlik qilish vertikal boshqaruv tizimi asosida inspeksiya va vazirlik tomonidan amalga oshiriladi. Bunda, hududiy inspeksiyalarning qonuniy faoliyatiga mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tegishli tashkilot hamda idoralarning aralashuvi yoki ta’sir o‘tkazishi qat’iy ta’qiqlanmoqda.

Arxitektura, loyiha faoliyati va qurilish nazorati mutaxassislarini 10 ta faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha sertifikatlash tizimi joriy qilinmoqda.

Shuningdek, 19 ta muhim chora-tadbirlar, xususan, ichimlik suvi, kanalizatsiya, issiqlik ta’minotini rivojlantirish, davlat xaridlari va reyting tizimini takomillashtirish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish, energiya tejamkor namunaviy loyihalarni joriy qilish, davlat xususiy sheriklik loyihalarini kengaytirish, nazorat tizimini kuchaytirish, ulush asosida qurish mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish, mutaxassislarni sertifikatlash va malakasini oshirishga oid transformatsiya va islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi” ham tasdiqlandi.