O‘zbekiston Markaziy banki 2023-yilning ikkinchi choragi yakunlari bo‘yicha ko‘chmas mulk bozori sharhini taqdim etdi.

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, biroz pasayishdan so‘ng ikkinchi chorakda (aprel-iyun) ko‘chmas mulk bozoridagi faollik ko‘tarilish bosqichiga o‘tdi. Talabning asosiy drayveri aholining ipoteka kreditlariga nisbatan talabi bo‘lib qolmoqda, ayni vaqtda birlamchi va ikkilamchi uy-joy bozorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlar hajmining o‘sishi, shuningdek, uy-joy ijarasi bozori o‘sishi “hali ham sustligicha qolmoqda”.


ko‘chmas mulk bozori, markaziy bank, тошкент, uy-joy bozori

Ikkinchi chorakda ko‘chmas mulkni boshqalar nomiga o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan bitimlar sonining yuqori o‘sishi kuzatildi — 90,8 mingtagacha, bu o‘tgan chorakka nisbatan 21 foizga (yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10,8 foizga) ko‘p.

Birinchi chorakda bir qator viloyatlarda (Andijon, Farg‘ona, Namangan, Toshkent, Sirdaryo, Buxoro va Qashqadaryo) qayd etilgan faollik pasayishi aprel-iyun oylarida to‘liq tiklandi.

Faollik ortishi fonida birlamchi va ikkilamchi bozorlarda uy-joy narxining o‘sishi ham tezlashdi. Xususan, iyun oyi oxirida ikkilamchi uy-joy narxlari yillik ko‘rsatkichda 27,2 foizga oshgan (taqqoslash uchun: mart oyi oxirida yillik o‘sish 24 foizni, 2022-yil dekabr oyi oxirida esa 27,7 foizni tashkil etgan), birlamchi bozorda narxlar 21 foizcha ko‘tarilgan, mart oyida bu ko‘rsatkich 18,2 darajasida edi.

“Narxlar o‘sishidagi asosiy omillar iqtisodiy o‘sish, uy-joy qurilishi sektorining rivojlanishi tezlashishi va jozibadorligi ortishi, ipoteka kreditlashtirilishi, aholining yuqori investitsion talabi, jamg‘arma uchun muqobil vositalar sonining nisbatan cheklangani, shuningdek, investitsiyalashga nisbatan konservativ yondashuv bo‘lib qolmoqda”, — deyiladi sharhda.

ko‘chmas mulk bozori, markaziy bank, тошкент, uy-joy bozori

Joriy yilda ipoteka kreditlari aholi talabini oshiruvchi asosiy omil bo‘lib qolmoqda. Birinchi olti oyda 7 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi, bu 2022-yilga nisbatan 6,7 foizga, 2021-yilga nisbatan 2 barobarga ko‘p hisoblanadi.

Ipoteka mablag‘larining qariyb 60 foizi yangi uy-joylarni sotib olishga yo‘naltirildi, bu esa qurilish sohasi uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘lib xizmat qilyapti. Bu qurilish materiallari ishlab chiqarishda ham o‘z aksini topyapti. Xususan, birinchi besh oyda yil boshidagi energoinqirozga qaramay, 13,3 foiz ko‘proq (4,6 million tonna) sement ishlab chiqarildi.

Toshkentdagi uy-joylar

ko‘chmas mulk bozori, markaziy bank, тошкент, uy-joy bozori

Markaziy bank so‘nggi yillarda Toshkent shahrining ko‘chmas mulk bozoriga nafaqat aholi va tadbirkorlar, balki norezidentlar tomonidan ham yuqori qiziqish kuzatilayotganini qayd etdi. Poytaxt ko‘chmas mulk bozori Markaziy Osiyodagi eng yirik ko‘chmas mulk bozorlaridan biri (Olmaotadan keyin) va mamlakatdagi eng yirigi hisoblanadi. Uning hissasiga ko‘chmas mulk bilan bog‘liq barcha operatsiyalarning deyarli uchdan bir qismi to‘g‘ri keladi.

Iyun oyida Toshkent shahrining ikkilamchi bozorida uy-joy narxi yillik hisobda 22,7 foizga ko‘tarildi — kvadrat metri uchun o‘rtacha 11,31 mln so‘m. Shu bilan birga, narxlar tumanlar kesimida notekis o‘sdi. Yil davomida Yakkasaroy tumanida narxlar 21,6 foizga oshib, kvadrat metri uchun 12,2 million so‘mgacha yetdi, ko‘rsatkich Chilonzorda 1 kv.m uchun 12,14 mln so‘m (+21,6 foiz), Yunusobodda 11,91 mln so‘m (+22,4 foiz), Mirobodda 11,87 mln so‘m (+9,4 foiz), Mirzo Ulug‘bek tumanida 11,86 mln so‘mni tashkil etdi (+20,1 foiz).

Uchtepa tumanida narxlar 11,8 mln so‘mgacha (+32,9 foiz), Shayxontohurda 11,69 mln so‘mgacha (+19,8 foiz), Olmazorda 11,28 mln so‘mgacha (+32,4 foiz), Yashnobodda 11,08 mln so‘mgacha (+29,3 foiz), Sergelida 9,89 mln so‘mgacha (+35,6 foiz), Bektemirda 9,4 mln so‘mgacha (+40,1 foiz) ko‘tarildi.

Shaharning markaziy qismlarida narxlar chekka hududlarga qaraganda pastroq sur’atlarda o‘sdi, bu ko‘p jihatdan chekka hududlar infratuzilmasi rivojlanishi tezlashgani, shahar hududining kengayishi va narxlarning asta-sekinlik bilan markaz darajasiga yaqinlashishi bilan bog‘liq, deb qayd etdi regulyator.

Eng arzon uy-joy hamon Qoraqalpog‘istonda — kv.m uchun 3,8 million so‘m.

Yer bozori

Yer bozori ham yangi binolar narxiga eng katta bilvosita ta’sirni o‘tkazadi va poytaxtdagi narxlar o‘sishining asosiy omili hisoblanadi. Poytaxtda 100 kv. m yer maydoni (1 sotix) narxi yil davomida 227 million so‘mdan 272 million so‘mgacha (+19,8 foiz) oshdi.

ko‘chmas mulk bozori, markaziy bank, тошкент, uy-joy bozori

Ijara

Markaziy bankning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yilgi tashqi shoklardan (Rossiyadan norezidentlarning kelishi) keyin ijara narxining oshishi ta’siri “ma’lum darajada tugadi”. Iyun oyining o‘zidayoq bu bozor uchun xos bo‘lgan mavsumiy omillar, xususan, o‘quv yilining tugashi va ta’til davrining boshlanishi ijara narxining pasayishiga olib keldi. Iyun oyi yakunlariga ko‘ra, yillik hisobda ijaraga beriladigan uy-joy narxlari 18,8 foizga oshgan, yil boshidan beri esa narxlar 6,2 foizga pasaygan.

Ijara to‘lovlari bo‘yicha ikkilamchi bozordan farqli o‘laroq narxlarning nisbatan bir tekis o‘zgarishi kuzatilmoqda. Bektemir tumani bundan mustasno, bu bozorda o‘tgan yilning oktabr oyidagi ijobiy narx shokidan so‘ng ehtimoliy qayta baholanish natijasida biroz o‘sish qayd etilgan.