Qirg‘iziston Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi mamlakatda TikTok ijtimoiy tarmog‘i faoliyatini bloklashga qaror qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur ijtimoiy tarmoqning bolalar ruhiy rivojlanishi va salomatligiga zarari haqida nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ko‘plab murojaatlar kelib tushgan. Shundan so‘ng vazirlik tomonidan tarmoq kontenti monitoringi o‘tkazilgan.

Platforma foydalanuvchilarini qisqa roliklarning virtual olamiga tortadi, ularni ko‘rgandan so‘ng o‘smirlar ma’lum videolarni takrorlashga urinadi, ularning ba’zilari esa hayot uchun xavfli, deya hisoblaydi vazirlik.

“Ko‘plab murojaatlarni inobatga olgan holda va o‘tkazilgan monitoring asosida vazirlik Qirg‘iziston hududida TikTok servisini to‘xtatishga qaror qildi”, — deyiladi xabarda.

Qaror qonunchilik doirasida kelgusida amalga oshirish uchun mamlakat Raqamli rivojlanish vazirligiga yuborildi.

Ma’lumot uchun, TikTok O‘zbekistonda bloklangan tarmoqlardan biri. 2021-yil iyul oyida “O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasi “Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunni buzgani uchun Twitter, “VKontakte”, WeChat va Skype messenjeri qatorida unga ham kirishni cheklagandi.

Shundan so‘ng VPN dasturiga talab birdaniga ortgan. So‘nggi marta bunday holat 2018-yilning kuzida — Facebook va YouTube bloklanganida kuzatilgan.

2022-yilning avgustida AKT vazirligi Twitter, “Vkontakte” tarmoqlari hamda WeChat messenjeridan foydalanish bo‘yicha cheklov olib tashlanganini ma’lum qilgan. Biroq TikTok platformasiga kirish esa hozircha tiklanmagan. Rasmiy idoralar tomonidan bu holatga izoh berilmagan.