O‘zbekiston terma jamoasi Counter-Strike: Global Offensive (CS:GO) kompyuter o‘yini bo‘yicha IESF World Esports Championship 2023 yarimfinaliga yo‘l oldi. Turnir Ruminiyaning Yassi shahrida 25-avgustdan 9-sentabrgacha bo‘lib o‘tadi, unda dunyoning 24 ta jamoasi ishtirok etadi. Sovrin jamg‘armasi 100 ming dollarni tashkil qiladi.

counter-strike, киберспорт, cs go

O‘zbekistonliklar Osiyo va Okeaniya chempionatlarida g‘alaba qozonib, jahon chempionatiga yo‘llanma olgandi. Bu gal jamoa Tunis (16:3), Daniya (16:7), Ukraina (16:11), Kolumbiya (16:7) va Saudiya Arabistoni (16:3) terma jamoalarini mag‘lubiyatga uchratib, jahon chempionatining guruh bosqichi o‘yinlarini mag‘lubiyatsiz o‘tkazdi, deb xabar berdi Kibersport assotsiatsiyasi.

O‘zbekiston 3 ta o‘yin yakuniga ko‘ra Vengriyani 2:1 hisobida mag‘lub etib, chorak finalga yo‘l oldi. Jamoa de_anubis (16:13) va de_mirage (16:7) bahslarida ustunlik qildi, lekin de_inferno (9:16) bahsida mag‘lub bo‘ldi. Eng yaxshi natijani Daniel Li (icyvl0ne) ko‘rsatdi.

Yarimfinalda terma jamoa Germaniya/Daniya juftligi g‘olibi bilan to‘qnash keladi. O‘yin 2-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston terma jamoasi sharafini tarkibidan Ruslan Gizatov (fr0k niki ostida o‘ynaydi), Amirbek Timurov (wetfy), Timofey Kim (aokiflame), Daniel Li (icyvl0ne), Ibrohim Abduqodirov (kanshineF) va asoschisi Timur Memetov o‘rin olgan TT.Team (Traffic Tashkent Team) jamoasi himoya qiladi.