Uzbekistan Airways kompaniyasi Toshkent xalqaro aeroportida o‘z parki uchun navbatdagi A320neo samolyotini qabul qilib oldi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

O‘rta masofaga parvoz qilish uchun mo‘ljallangan avialayner uzoq muddatli lizing asosida China Aircraft Leasing Group Holdings Limited (CALC) kompaniyasidan sotib olingan. 168 o‘ringa mo‘ljallangan Airbus A320neo Kuala-Lumpurdan Toshkentga Uzbekistan Airways`ning an’anaviy livreyasida yetib keldi.

Havo kemasi milliy aviatashuvchi va CALC lizing kompaniyasi o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikning boshlanishi hisoblanadi. Aviakompaniya yangi havo kemasidan Toshkent shahri va respublika viloyatlaridan amalga oshiriladigan aviaqatnovlarida foydalanishni rejalashtirmoqda.

“Bu turdagi havo kemalari o‘rta masofali laynerlar orasida eng mashhur va yaxshilaridan biri hisoblanadi hamda xavfsizlik va tejamkorlikning eng yuqori darajasini taqdim etadi. Oldingi avlod avialaynerlariga nisbatan karbonat angidrid chiqarish darajasi 50 foizga kamaytirilgani tufayli samolyot raqobatchilari orasida eng ekologik toza sanaladi”, — deyiladi xabarda.

airbus a320neo, uzbekistan airways

“Dunyo miqyosidagi tutgan o‘rnimiz va havo kemalarimiz ko‘pligi bilan biz mintaqada faol tarzda aviatsiya texnikalarni yetkazib beruvchi sifatida kelgusi yillarda o‘sish yo‘limizni davom ettirish uchun yangi imkoniyatlarni ko‘rmoqdamiz”, — deya ta’kidlab o‘tdi CALC Bosh ijrochi direktori Mayk Pun.

“Bugungi kunda aviakompaniya Airbus A320neo oilasiga kiruvchi 19 ta samolyotdan muvaffaqiyatli ravishda foydalanib kelmoqda va yaqin kelajakda biz parkni ushbu turdagi yana ikkita avialayner bilan to‘ldirishni rejalashtirmoqdamiz. 2023-yil davomida park beshta Airbus A320neo va ikkita LET L-410 havo kemalari bilan kengaytiriladi”, — dedi Uzbekistan Airways AJ boshqaruv raisi Shuxrat Xudaykulov.

airbus a320neo, uzbekistan airways

Ma’lumot o‘rnida, China Aircraft Leasing Group Holdings Limited samolyotlarning operativ lizingi, ularni sotib olish va qayta lizingga berish hamda tizimli moliyalash, shuningdek, parkni rejalashtirish, uni yangilash, havo kemalarni demontaj qilish va ehtiyot qismlarni sotishdek qo‘shimcha qiymat xizmatlari kabi an’anaviy vazifalarni o‘z ichiga oladi.

Eslatib o‘tamiz, ilk A320neo samolyoti 2019-yil bahorida yetkazib berilgan. 2022-yil davomida kompaniya beshta A320neo samolyotini qabul qilib olgan.