2022-yil fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan buyon 9511 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 17206 nafar tinch aholi jarohat olgan. Bu haqda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining yangilangan hisobotida so‘z boradi.

Ukraina hukumati nazorati ostidagi hududlarda 7396 kishi halok bo‘lgan, 14207 kishi jarohatlangan. Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududida esa kamida 2115 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 2999 kishi jarohatlangan.

Halok bo‘lganlar orasida: 4405 nafar erkak, 2638 nafar ayol, 233 nafar qiz va 287 nafar o‘g‘il bola, shuningdek, jinsi aniqlanmagan 29 nafar bola va 1919 nafar kattalar bor. Mazkur hisob-kitoblar 27-avgust holatiga ko‘ra.

“Oliy komissar boshqarmasining fikricha, [tinch aholi o‘limi va jarohatlari] haqiqiy soni ancha yuqori, chunki shiddatli janglar bo‘layotgan ba’zi hududlardan ma’lumotlar kechiktirilgan va ko‘plab hisobotlar hali ham tasdiqlanishi kutilmoqda”, — deyiladi hisobotda.

Bu aholi punktlariga Mariupol (Donetsk viloyati), Lisichansk, Popasnaya va Severodonetsk (Lugansk viloyati) kiradi, ularda ko‘plab tinch aholi qurbonlari bor, deya ta’kidlaydi hisobot mualliflari.

1-avgustdan 27-avgustgacha boshqarma Ukrainada 585 nafar tinch aholi qurbonlarini qayd etdi. Ulardan 108 kishi, jumladan, besh nafar bola halok bo‘lgan, 477 nafari jarohatlangan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlarning ko‘pchiligiga keng radiusli portlovchi qurollardan foydalanish sabab bo‘lgan.