O‘zbekistonning 500 ta maktabida Prezident maktabi va ixtisoslashgan maktablar o‘quv dasturi hamda baholash tizimi joriy etiladi, bu esa ular uchun “tayanch maktab” vazifasini bajaradi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Bir yilda ularning ishi baholanib, yangi tizimni samarali qo‘llagan o‘qituvchilarga 40 foizgacha ustama beriladi, deyiladi xabarda.

Prezident maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaga 2024-yilda 500 ta maktabning har biriga 3 tadan maktabni biriktirib, yangi tizimni yo‘lga qo‘yish topshirig‘ini berdi. Shunday qilib, 1,5 mingta maktabga Prezident va ixtisoslashgan maktablar metodikasi, muhiti kirib boradi.

Kelgusi besh yil ichida ushbu tizimni barcha maktablarda joriy etamiz, — dedi davlat rahbari.

maktab darsliklarи, maktablar, ta’lim, шавкат мирзиёев

Yig‘ilishda joriy yilda maktablarga 500 nafar xorijlik mutaxassis olib kelingani aytildi. Kelgusi yilda yana 1500 nafarini jalb etish ko‘zda tutilgan. Bu borada davlat rahbari xorijlik o‘qituvchilarni uy-joy bilan ta’minlash masalasini hal etish bo‘yicha hokimlarga topshiriq berdi.

Shuningdek, yig‘ilishda umumta’lim maktablarida o‘qitiladigan fanlar soni 16 tadan 11 taga qisqartirilgani e’lon qilindi. Universitetda o‘qish niyatida bo‘lgan 10−11-sinf o‘quvchilariga “kimyo — biologiya”, “matematika — fizika”, “matematika — chet tili”, “ona tili va adabiyot — chet tili” fanlari ularning tanlovi asosida chuqurlashtirib o‘qitiladi.

Kasb-hunar egalash istagidagi o‘quvchilarga esa maktabning o‘zida tayyor mutaxassis bo‘lib yetishish imkoniyati yaratiladi. sentabrdan boshlab ushbu tajriba salohiyati va tayyorgarligi bor 135 ta maktabda yo‘lga qo‘yiladi. Kelgusi o‘quv yilidan kamida 1 mingta maktab ushbu tizimga o‘tkaziladi.

Maktab o‘quv dasturiga birinchi sinfdan kompyuter savodxonligini, yuqori sinflarda esa moliyaviy savodxonlikni kiritish rejalashtirilgan.

Yangi darsliklar

Yig‘ilishda joriy yilda maktablar uchun yangi darsliklar nashr etish uchun budjetdan 920 milliard so‘m ajratilgani, boshlang‘ich sinflar uchun “to‘liq yangi” darsliklar ishlab chiqilgani ma’lum qilindi.

Prezident boshlang‘ich sinflar uchun tayyorlangan darsliklarning ikkinchi qismini to‘liq nashr etish bo‘yicha topshiriq berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov grafik asosida yetishmayotgan mablag‘larni moliyalashtirishni ta’minlaydi.

O‘quv dasturlariga qo‘shimcha yangi fanlarni kiritish taqiqlanadi, deyiladi yig‘ilishda. Barcha yangi takliflar mavjud fanlarga integratsiya qilinishi kerak.

Yig‘ilishda barcha fanlarda milliy g‘urur, iftixor, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, vatanparvarlik g‘oyalari targ‘ib qilinishi zarurligi ta’kidlandi.

maktab darsliklarи, maktablar, ta’lim, шавкат мирзиёев

“Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov yig‘ilishda.

Avgust oyi o‘rtalarida Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligi boshlang‘ich sinflar uchun “ilg‘or xorijiy tajriba va 4K modeliga asoslangan innovatsion yondashuvlar” (kritik fikrlash, kreativlik, kollaboratsiya, kommunikativlik) asosida yaratilgan 775 nomdagi 72 million nusxa darslik chop etilayotganini ma’lum qilgandi).

Bundan tashqari, vazirlik xorijiy tillar va axborot texnologiyalari bo‘yicha yuqori sinflar uchun darsliklar, shuningdek, Kembrij dasturi bo‘yicha ixtisoslashtirilgan maktablarning 7−11-sinflari uchun fizika va biologiya fanlari bo‘yicha darsliklar xorijiy dasturlar asosida mahalliylashtirilib nashrga tayyorlanayotganini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021−2022 o‘quv yilidan boshlab 1 va 2-sinflar uchun yangi darsliklar joriy etilgan. 2022−2023-yillarda 3, 6, 7 va 10-sinflar uchun darsliklar yangilandi. 2021-yilda ikkita hududda ingliz (1−11-sinflar) va informatika (5−11-sinflar) bo‘yicha mahalliylashtirilgan Cambridge University Press darsliklarini aprobatsiyadan o‘tkazish boshlandi. 2022-yildan mazkur nashriyotning ona tili va o‘qish savodxonligi hamda 1−4-sinflar uchun matematika darsliklarini sinovdan o‘tkazishni boshlash rejalashtirilgandi.

2022/2023 o‘quv yili uchun Xalq ta’limi vazirligi dastlab 66,6 mln dona darslik, o‘quv-metodik qo‘llanmalar va daftarlar ishlab chiqarishni rejalashtirgan bo‘lsa, keyinchalik bu reja 59,9 mln nusxaga kamaytirildi (2021-yilda 25 mln ga yaqin edi).

“Gazeta.uz” kolumnisti, ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov 2023—2024 o‘quv yilidan boshlab maktablar uchun yangi o‘quv dasturini joriy etishni nazarda tutuvchi 2023-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasini tahlil qilgan.