Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev hukumatga “qozoq-qirg‘iz chegarasida yuzaga kelgan vaziyatni mamlakatlar o‘rtasidagi sheriklik va qardoshlik munosabatlari asosida hal etish”ni topshirdi. Bu haqda 26-avgust kuni Akorda matbuot xizmati ma’lum qildi.

“Chegara orqali tovarlarning noqonuniy olib o‘tilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun raqamlashtirish va avtomatlashtirishni faolroq joriy etish masalasida Qirg‘iziston tomoni bilan muzokaralarni davom ettirish zarurligi ham qayd etildi”, — deyiladi xabarda.

20-avgustdan beri Qozog‘iston va Qirg‘iziston chegarasida yuzlab yuk mashinalaridan iborat navbat paydo bo‘ldi. Qirg‘iziston Chegara xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 24-avgust holatiga ko‘ra, to‘rtta nazorat-o‘tkazish punktida 600 dan ortiq yuk mashinalari turibdi.

Qirg‘iziston Iqtisodiyot va savdo vazirligi chegaradagi tirbandlikni izohlar ekan, Qozog‘iston tovarlarning harakatlanish erkinligini cheklab qo‘ygani va bu bilan YeOII yagona bozorining asosiy tamoyilini buzayotganini ta’kidladi.

Vazirlik, shuningdek, vaziyat “tizimli” ekanini, Qozog‘iston tomoni Qirg‘izistondan kelayotgan yuk mashinalarining Qozog‘iston hududi orqali o‘tishini sekinlashtirish uchun “har safar turli sabablarni topayotganini” qo‘shimcha qildi. Keyinroq vazirlik furalarning o‘tishi tezlashgani haqida xabar berdi.

Qozog‘iston chegara xizmati, o‘z navbatida, “cheklov choralari” joriy etilmagani va nazorat-o‘tkazish punktlari normal rejimda ishlayotganini bildirdi. Qozog‘iston moliya vaziri Yerulan Jamaubayevning so‘zlariga ko‘ra, yuk mashinalarining nazorat-o‘tkazish punktida kechikishiga giyohvandlikka qarshi operatsiya sabab bo‘lgan.