Bishkek prokuraturasi “Kloop Media” jamoat fondini (Kloop.kg sayti) hokimiyatni obro‘sizlantiradigan materiallari tufayli oktabr va Pervomayskiy tuman sudlariga tugatish to‘g‘risida da’vo arizasi kiritdi. Sayt tahririyati bayonotida bu haqda ma’lum qilindi. Nashr O‘zbekistonda bloklangan.

Ma’lumot uchun: Kloop mustaqil nashri o‘z faoliyatini 2007-yil iyun oyida boshlagan va Qirg‘izistondagi eng mashhur axborot saytlaridan biri hisoblanadi. Nashr, yangiliklardan tashqari, hisobot berish, ma’lumotlarni o‘rganish va korrupsiyani tekshirishga ixtisoslashgan.

Da’vo “nizom doirasidan tashqariga chiqadigan faoliyatni amalga oshirish” yuzasidan qo‘zg‘atilgan. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, “Kloop Media” davlat OAV reyestriga kiritilmagan, tashkilot nizomida esa ma’lumot tarqatilishi ko‘rsatilmagan.

Da’vo arizasida qayd etilishicha, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) Kloop materiallarini ekspertizadan o‘tkazgan va ular “hozirgi hukumatning amaldagi siyosatini keskin tanqid qilishga qaratilgan” degan xulosaga kelgan.

“Bundan tashqari, aksariyat materiallar davlat va munitsipal organlar vakillarini obro‘sizlantirishga qaratilgan sof salbiy xususiyatga ega”, — deyiladi xabarda.

Hujjatda, shuningdek, 2021-yil noyabrida MXDQ Kloop`ga nisbatan “hokimiyatni tortib olishga ommaviy chaqiriqlar” bo‘yicha sudgacha bo‘lgan ish yuritishni boshlagani aytiladi. Nashr materiallarini o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, ularda “jamiyat fikrini manipulyatsiya qilish yashiringan bo‘lib, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan salbiy jarayonlarni to‘qib chiqarishmoqda va amaldagi hukumatning har qanday tashabbusiga qarshilik ko‘rsatmoqda”.

“Biz [Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Kurmanbek] Bakiyev hokimiyatda bo‘lgan 2010-yilga o‘xshash bosimga duch kelyapmiz. Bilamizki, o‘sha paytda jurnalistlarga ham bosim o‘tkazishgan, nashrlar yopilgan va biz ba’zi qotillik holatlarini bilamiz… Rasmiylar norozi odamlarning og‘zini yopish uchun har qanday usuldan foydalananishmoqda”, — deb yozdi Kloop bosh muharriri Anna Kapushenko prokuratura qo‘zg‘atgan da’voga izoh berar ekan.

Avvalroq Kloop nashri “Barselona” akademiyasining ochilishi bo‘yicha surishtiruv natijalarini e’lon qilgan edi, unda futbol klubi franshizasi egalari orasida MXDQ rahbari Qamchibek Tashiyevning qarindoshlari va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning yaqinlari borligi aytilgan. Keyinroq mamlakat rahbari jurnalistlar ma’lumotlarini tasdiqladi, lekin loyiha xususiy mablag‘lar hisobidan amalga oshirilayotganini va “davlat budjetidan bir tiyin ham olinmaganini” ta’kidladi.

Japarov, shuningdek, “o‘zini mustaqil jurnalist deb ataydiganlar”, jumladan, Kloop kabi nashrlarda ishlaydiganlarga ham murojaat qildi. U ular “boshidan shunday yondashuvni ishlab chiqqani” — “qirg‘iz xalqiga foyda emas, faqat zarar keltirish”ni aytdi va “bunday davom etmasligini” ta’kidladi.

“Faqat salbiyni aytib, hamma narsadan o‘z foydasini qidirib, mamlakatga milliardlab sarmoya kiritishga tayyor bo‘lgan investorlarni qo‘rqitasiz. Tashiyevlar va Japarovlar imkoniyatlarni mamlakatdan tortib olmasdan, mamlakatga tortib olishayotganidan xursand bo‘lganimiz ma’qul”, — dedi Qirg‘iziston rahbari.

Qirg‘iziston rasmiylarining mahalliy nashrni yopishga urinishi birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Joriy yilning aprel oyida Bishkek sudi Madaniyat vazirligi da’vosiga ko‘ra “Azattiq” saytini (Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining qirg‘iz xizmati) yopish to‘g‘risida qaror chiqargan edi. Iyul oyida tomonlar murosaga kelishdi.