Eslatma: materialda sudlanuvchilarning ismlari o‘rniga bosh harflar ishlatilgan, chunki sud ayblanuvchilarning shaxslari OAVda ko‘rinmasligi va ularning ismlari ko‘rsatilmasligi haqidagi advokatlarning iltimosini qanoatlantirgan. Biz avvalroq advokatlar ba’zi OAVlarni aybsizlik prezumpsiyasi tamoyilini buzganlikda ayblagani haqida ham yozgandik. Sud, shuningdek, jarayonni onlayn translyatsiya qilishni taqiqladi. Qayd etish joiz, sudlanuvchilarning to‘liq ismlari Oliy sud veb-saytida mavjud.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq xodimi N.M. 18-avgust kuni kamida 65 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan Hindistonning Marion Biotech kompaniyasiga tegishli dorilari yuzasidan Toshkent shahar sudida bo‘lib o‘tayotgan ishda so‘zga chiqdi. Bu haqda Daryo xabar bermoqda.

Ayblanuvchi 33 ming dollar bilan bog‘liq voqeaga qo‘shimcha qildi. Bundan oldingi sud ishida Quramax Medikal kompaniya direktori Ragvendra Pratar (Singh Ragvendra Pratar) mazkur pullarni “Kuraraks 200” va “Kuraraks 400” dorilarini ro‘yxatdan o‘tkazish ortidan Marion Biotech PVT. Ltd (Hindiston, u shuningdek “Dok-1 Maks”, “Ambronol” va boshqa dorilarni ishlab chiqaruvchi) korxonasiga tayinlangan inspeksion tekshiruvni bekor qilish uchun berganini tan olgandi.

“2022-yilning iyul oyi o‘rtalari yoki oxirlaridami hamkasbim, rahbarning birinchi o‘rinbosari A.A.ning xizmat xonasiga ish bilan kirdim. Hamkasbim o‘sha paytdagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbari S.K.dan bir qancha topshiriqlar kelib tushganini, topshiriqlar orasida ikkita firmani „inspeksiyadan yechish“ bo‘yicha topshiriq ham bo‘lganini aytib, shu topshiriq bo‘yicha ish yuritilishi kerakligini qo‘shimcha qildi”, — dedi sudlanuvchi.

Shunda u hayratlanib, rostdan ham shunday topshiriq tushganligini so‘ragan. A.A. esa rahbardan kelgan topshiriqni Telegram`da qabul qilib olganini aytib, yozishmalarini ko‘rsatgan.

“Topshiriqda ikkita firmaning nomi yozilgan ekan. Shundan so‘ng A.A. ekspertlar kengashi kotibi U.T.ni chaqirib, rahbar topshirig‘ini aytdi. Shunda u bu topshiriqni shaxsan rahbar berdimi, men bunga aniqlik kiritishim kerak deb xonadan chiqib ketdi”, — deydi sobiq rahbarini ayblagan sudlanuvchi.

Sudlanuvchining eslashicha, dastlabki tergov harakatlari davomida U.T. vaziyatga aniqlik kiritish uchun Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi sobiq rahbari S.K. qabulida bo‘lib, ikkita firmaga nisbatan tayinlangan tekshiruvni bekor qilish haqida qat’iy topshiriq berilganiga ishonch hosil qilgan.

Sudda mazkur ayblovni rad etgan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq rahbari S.K. firmalarga tayinlangan inspeksion tekshiruvni rad etganini bildirib, bu haqdagi hujjatga bilmasdan imzo qo‘yib yuborgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

“Menga kuniga 15−20 talab hujjat olib kirilib, imzo qo‘yilardi. Bu hujjat ham hujjatlar orasiga tushib qolgan va bilmasdan imzo qo‘yib yuborgan bo‘lishim mumkin”, — deydi S.K.

Sud jarayonidan tayyorlangan boshqa reportaj va xabarlarni quyidagi havolalar orqali o‘qishingiz mumkin: