Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-avgust kuni maktab ta’limi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonda 10 mln so‘mdan ortiq maosh olayotgan o‘qituvchilar soni ming nafardan oshganini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda uning matbuot kotibi.

Qayd etilishicha, o‘tgan davrda muallimlarning oylik ish haqi o‘rtacha 2,5 baravar oshgan. Jumladan, chet tili, IT, matematika, kimyo, biologiya bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikati bor o‘qituvchilarga ustama, chekka hududga borib ishlagan muallimlarga alohida to‘lov joriy etildi.

“Natijada 6 million so‘mdan 10 mln so‘mgacha maosh oladigan o‘qituvchilar soni 23 mingga yetdi, 10 mln so‘mdan yuqori oylik oluvchilar 1 mingdan oshdi. Bu ham yaxshi, lekin bu juda kam”, — dedi prezident.

Eslatib o‘tamiz, prezident 2021-yil 10-noyabrdagi inauguratsiya marosimidagi nutqida o‘qituvchilar va shifokorlar oylik maoshini belgilash masalasiga to‘xtalib o‘tgandi.

“Ochiq aytish lozim, biz bu zahmatkash, fidoyi insonlar oldida hali qarzdormiz. Shu boisdan ham, qanchalik qiyin bo‘lmasin, o‘qituvchilar mehnatini munosib rag‘batlantirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. 2025-yilga borib, oliy toifali o‘qituvchilarning oylik maoshini ekvivalent hisobida 1 ming dollarga yetkazish choralari ko‘riladi”, — degandi o‘shanda prezident.

Avvalroq “Gazeta.uz” co‘nggi besh yil ichida ta’lim sohasida o‘rtacha ish haqi 2,5 barobar oshgani, biroq mamlakatdagi o‘rtacha ish haqiga nisbatan farq 16,8 foizdan 26,5 foizgacha ko‘tarilgani haqida yozgandi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 2022-yilning yanvar-mart oylarida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida o‘rtacha ish haqi boshqa sohalarga qaraganda sekinroq o‘sgan, shu bois mamlakatda o‘rtacha ish haqi darajasi bilan tafovut kengayishda davom etgan. 2022-yil birinchi chorak yakunlari bo‘yicha o‘rtacha nominal ish haqi 3,42 mln so‘mni tashkil etdi. Ta’lim sohasida bu summa 2,52 mln so‘mni tashkil etgan.